Huawei 1
O‘zbekistondagi diniy ta’lim muassasalariga 25-iyun kunidan qabul boshlanadi

O‘zbekistonda joylashgan oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga qabul joriy yilning 25 iyun kunidan boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qabul jarayonlari quyidagi oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tadi:

  • Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti;
  • Mir Arab oliy madrasasi;
  • Hadis ilmi maktabi;
  • Imom Termiziy nomidagi islom instituti va barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida;

Qabul jarayonlari esa 25 iyun kunidan 20 iyulga qadar davom etadi.

Oliy diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishni istagan abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:

  • ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
  • pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
  • o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
  • 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);

Qolaversa, xorijiy davlatlardagi diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan va O‘zbekistonda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar (O‘zbekiston fuqarolari) ham hujjat topshirishlari mumkin.

O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar esa qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ta’lim muassasasi rahbari nomiga ariza;
  • pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
  • ma’lumoti to‘g‘risida attestat yoki diplom nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
  • 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);
  • chet tilini bilishi to‘g‘risidagi hujjat asl nusxasi (ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan chet tilidan boshqa tilda imtihon topshiruvchilar uchun). 

Ma’lumot uchun, oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining test sinovlarida ishtirok etishi uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (187 ming 500 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi. Joriy yilda o‘qishni tamomlab, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlardan esa to‘lov undirilmaydi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62120 | Инструменты