Oʻzbekistonda ilk bor yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum bolalar oromgohlarda bepul dam oladi

Joriy yilda ilk bor yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning yozgi taʼtil davrini mazmunli tashkil etish, ularning sogʻligini mustahkamlash hamda ijtimoiylashuvini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamkorligida yangi ijtimoiy loyiha yoʻlga qoʻyildi.

Loyiha doirasida barcha hududlaridan 7-14 yoshli jami 1 295 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola kasaba uyushmalari tizimidagi oromgohlarda 12 kun davomida dam olishadi.

Eʼtiborli jihati shundaki, bolalar oromgohlarda boshqa tengdoshlari bilan birgalikda, bir xil sharoitlarda hordiq chiqaradi. Bu esa ularning jamiyatga integratsiyalashuvi, doʻstona muhitda muloqot qilishi va yorqin taassurotlarga ega boʻlishiga xizmat qiladi.

Loyiha ishtirokchilari uchun yoʻllanmalar va dam olish bilan bogʻliq barcha xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻliq qoplab berilmoqda.

Hozirgi kunda loyihaning birinchi bosqichi doirasida 1062 nafar bola oromgohlarga yuborilib, sogʻlomlashtirish tadbirlari boshlandi.

Mazkur tashabbus mamlakatimizda yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning baxtli bolaligini taʼminlash yoʻlidagi muhim amaliy qadamlardan biri hisoblanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60816 | Инструменты