Adliya vazirligi dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan toifalarga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilgan oʻzgartirishlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi. Yangi hujjat orqali dorixonalardan retseptsiz sotiladigan preparatlarni saralash mezonlari yanada
takomillashtirildi.
Ma'lum qilinishicha, endilikda dori vositasini retseptsiz beriladigan toifaga kiritishda bir qator muhim omillar asos qilib olinadi. Xususan, preparatning tibbiyot xodimi nazoratisiz mustaqil va xavfsiz qoʻllanishi, dozani oshirib yuborish, suiisteʼmol qilish yoki qaramlik chaqirish xavfining pastligi diqqat bilan oʻrganiladi.
Shuningdek, qoʻllash yoʻriqnomasining isteʼmolchi uchun tushunarli va toʻliq boʻlishi, farmakonazorat hamda postmarketing kuzatuvlari natijalari inobatga olinadi. Agar dori vositasi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan tan olingan xorijiy tartibga soluvchi organlar roʻyxatida retseptsiz sotiladigan dori sifatida qayd etilgan boʻlsa, bu ham muhim asos boʻlib xizmat qiladi.
Kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, ikki yoki undan ortiq faol modda birikmasidan iborat kombinatsiyalangan dori vositalari ham retseptsiz beriladigan toifaga kiritilishi mumkin. Buning uchun har bir moddaning davolashdagi hissasi, foyda va xavf nisbati, klinik asoslanganligi hamda oʻzaro taʼsir xavflari alohida baholanadi.
Qonunchilikdagi yana bir muhim yengillik ariza beruvchilar huquqlariga taalluqlidir. Agar dorini retseptsiz toifaga oʻtkazish rad etilsa, kamchiliklar bartaraf etilgach yoki preparat xavfsizligiga oid yangi maʼlumotlar olingach, ariza beruvchi avvalgidek uch yil kutmasdan qayta murojaat qilish huquqiga ega boʻldi. Oʻz navbatida, vakolatli organ ham xavfsizlik va samaradorlik boʻyicha yangi maʼlumotlar hamda kuzatuv natijalaridan kelib chiqib, dori toifasini qayta koʻrib chiqishi mumkin.