Toshkent shahrida 2026 yilning yanvar–sentyabr oylarida OIV infeksiyasining 307 ta yangi holati qayd etildi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 17 taga kam.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining kecha, 13 noyabrdagi “Toshkent shahar Sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan aholi salomatligini asrash, kasalliklarning oldini olish va uni profilaktika qilishning haqiqiy holati, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hamda ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish va natijasini muhokama qilish toʻgʻrisida”gi qarorda bu ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, ayni paytda poytaxtda OIV infeksiyasi bilan yashayotganlar soni 10 382 nafarni tashkil etadi. Ularning 5 916 nafari erkaklar, 4 465 nafari ayollar. Shuningdek, ular orasida 18 yoshgacha boʻlgan 137 nafar bola bor.
2026 yilning yanvar–sentyabr oylarida aniqlangan 307 ta yangi holatning 233 tasi (75,9 foiz) jinsiy yoʻl bilan yuqqan. 13 ta holatda (4,2 foiz) infeksiya tibbiy muolajalar orqali, 4 ta holatda (1,3 foiz) notibbiy parenteral yoʻl bilan, 6 ta holatda (2 foiz) esa giyohvand moddalarni tomir ichiga yuborish orqali yuqishi qayd etilgan.
Tumanlar kesimida OIV infeksiyasi koʻrsatkichi Bektemir tumanida 17,0, Mirobodda 15,4, Uchtepada 14,8, Yangihayotda 11,1, Sergelida 9,8, Yashnobod va Yunusobodda 9,7 ni tashkil etgan. Ushbu tumanlardagi koʻrsatkichlar shahar oʻrtacha koʻrsatkichidan yuqori.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning toʻqqiz oyida Toshkent shahrida OIV infeksiyasining 324 ta yangi holati aniqlangan. 2026 yilning shu davrida bu raqam 307 tani tashkil etgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111501 | Инструменты