JSST: O‘zbekistonda so‘nggi 10 yilda sil kasalligidan o‘lim holatlari 75% ga kamaydi

2025-yilda dunyo bo‘yicha taxminan 10,6 mln kishi tuberkulyozga chalingan, 1,13 mln nafar bemor esa ushbu xastalik oqibatida vafot etgan.

Shunga qaramay, global miqyosda ijobiy o‘zgarishlar bor. Xususan, 2015–2025-yillarda dunyoda sildan o‘lim holatlari 35% ga, kasallanish darajasi esa 14% ga kamaygan. 2000-yildan buyon olib borilgan davolash choralari natijasida taxminan 86 mln insonning hayoti saqlab qolingan.

Markaziy Osiyo davlatlarida ham silga qarshi kurashish bo‘yicha sezilarli natijalar qayd etilgan. Jumladan, O‘zbekistonda 2025-yilga kelib, 2015-yilga nisbatan tuberkulyozdan o‘lim holatlari kamida 75% ga qisqargan. Bu JSSTning silga barham berish strategiyasida belgilangan muhim maqsadli ko‘rsatkichlardan biridir.

Biroq dori vositalariga chidamli sil kasalligi — mintaqa uchun hamon dolzarb muammolardan biri. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda bunday holatlar ulushi nisbatan yuqori.

Shundan kelib chiqib, JSST tegishli hukumatlarni tuberkulyozni erta aniqlash, samarali davolash usullarini kengaytirish hamda profilaktika choralarini kuchaytirish orqali ushbu xastalikka barham berish ishlarini jadallashtirishga chaqirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111501 | Инструменты