Oliy Majlis Senatiga Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan BMT Bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Markaz bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, mintaqada tinchlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, birgalikda barqaror taraqqiyotni ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasida ilgari surilgan tashabbuslar va qabul qilingan muhim hujjatlarning ijrosini ta’minlashda xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tizimidagi tuzilmalarning faol ishtirokini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Joriy yil sentyabr oyida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari ayol yetakchilari muloqotining parallel yig‘ilishini tashkil etish imkoniyatlari bo‘yicha fikr almashildi.
Bunday yig‘ilishlar ushbu platformaning institutsionallashuviga xizmat qilishi va ayollarning siyosiy, ijtimoiy jarayonlardagi faol ishtirokini kuchaytirishga yordam berishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va mintaqaviy tashabbuslarni amalga oshirishda hamjihatlikda ish olib borishga tayyor ekanini bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52023 | Инструменты