Tajriba-sinov loyihasi 2026–2027-yillarda olingan daromadlarni qamrab oladi. Deklaratsiya hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay doimiy yashash joyidagi soliq organiga topshirilishi lozim. Soliq idoralari ushbu muddatdan kamida bir oy oldin fuqarolarni ogohlantiradi va xabarnoma yuboradi
O'zbekistonda jismoniy shaxslarning daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhim tajriba-sinov loyihasiga start berilmoqda. Hukumatning 19-oktabrdagi 574-sonli qarori bilan soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida ro‘yxatda turuvchi aholi uchun jami yillik daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish bo‘yicha vaqtinchalik ma’muriy reglament tasdiqlandi.
Yangi tartib Navoiy va Chirchiq shaharlarida ichki ishlar organlari tomonidan doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan jismoniy shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.
Istisnolar:
18 yoshga to‘lmagan fuqarolar;
Hisobot yilida soliq organiga ishga kirganiga va hisobga qo‘yilganiga 6 oy to‘lmagan shaxslar.
Tajriba-sinov loyihasi 2026–2027-yillarda olingan daromadlarni qamrab oladi. Deklaratsiya hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay doimiy yashash joyidagi soliq organiga topshirilishi lozim. Soliq idoralari ushbu muddatdan kamida bir oy oldin fuqarolarni ogohlantiradi va xabarnoma yuboradi.
Hujjatni uydan chiqmasdan, Soliq qo‘mitasining Elektron soliq xizmatlari portali yoki “Soliq” mobil ilovasi orqali yuborish mumkin. Unda fuqarolarning quyidagi ma’lumotlari aks ettirilishi shart:
Daromadlar: Mehnatga haq to‘lash shaklidagi, mulkiy, moddiy foyda va boshqa turdagi barcha daromadlar (Soliq kodeksining 371, 375, 376 va 377-moddalari).
Xarajatlar: Ko‘chmas mulk, ko‘char mulk sotib olish hamda majburiyatlar (soliqlar, kommunal xizmatlar va kreditlar) bo‘yicha qilingan xarajatlar.
Fuqarolarning xarajatlari haqidagi ma’lumotlar vazirlik va idoralarning bazalari, shuningdek, “Soliq” ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar hamda elektron hisobvaroq-fakturalar asosida avtomatik shakllantiriladi. Agar tizimda ma’lumotlar yetarli bo‘lmasa, fuqaroga mobil ilova orqali yetishmayotgan ma’lumotlarni o‘zi qo‘shimcha kiritish imkoniyati beriladi.
Agar deklaratsiya noto‘g‘ri to‘ldirilgan bo‘lsa, fuqaro unga aniqlashtirilgan hisobot taqdim etishi mumkin. Agar unda ham xatoliklar aniqlansa, deklaratsiya faqat jismoniy shaxsning shaxsiy murojaatiga ko‘ra rad etiladi va unga 3 yil ichida qayta topshirish imkoniyati taqdim etiladi. Boshqa hech qanday asos bilan deklaratsiyani rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur tizim tajriba-sinov xarakteriga ega bo‘lgani uchun, deklaratsiyadagi daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi farq aniqlanganda, ushbu bazaga qo‘shimcha soliq hisoblanmaydi (Soliq kodeksining 393-moddasidagi holat bundan mustasno). Shuningdek, ma’lumotlardagi tafovutlar uchun fuqarolarga nisbatan hech qanday huquqiy ta’sir yoki jazo choralari qo‘llanilmaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102102 | Инструменты