Global raqamli operator bo‘lgan VEON Ltd. (Nasdaq: VEON) (“VEON” yoki “Kompaniya”) bugun O‘zbekistonda “Perfectum” brendi ostida faoliyat yurituvchi mobil aloqa operatori — Rubicon Wireless kompaniyasining 100 foiz ulushini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qiladi.

Ushbu xarid VEON kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatini o‘zaro to‘ldiruvchi chastota spektrlari va tarmoq aktivlari bilan boyitadi. Bu esa Beeline Uzbekistan kompaniyasiga yanada sifatli aloqa xizmatlarini taqdim etish, keng polosali ulanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda mamlakatda raqamli va moliyaviy xizmatlarga, shuningdek, milliy miqyosdagi kengaytirilgan intellekt (augmented intelligence) yechimlariga bo‘lgan ortib borayotgan talabni qondirish imkonini beradi. Natijada, bu O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal o‘sishiga va uni modernizatsiya qilish jarayoniga yanada katta hissa qo‘shadi.

Kelishuv shartlariga ko‘ra, umumiy to‘lov summasi taxminan 207 million AQSh dollarini tashkil etadi; ushbu summaga Perfectum kompaniyasining taxminan 93 million AQSh dollariga teng bo‘lgan mavjud moliyaviy qarzlari ham kiradi.

Perfectum aktivlari tarkibiga 850 MGts va 3800 MGts diapazonlarida jami 115 MGts chastota spektrini, shuningdek, zamonaviy tarmoq uskunalari va infratuzilma obyektlarini (jumladan, Nokia uskunalari yordamida joriy etilgan 5G mustaqil tarmog‘ini) o‘z ichiga olgan resurslar kiradi. Ushbu bitim Beeline Uzbekistan kompaniyasining chastota spektridagi ulushini taxminan 50 foizga oshirishi kutilmoqda. Bu esa tarmoq qamrovi hamda sig‘imini kengaytirish, shuningdek, 5G va simsiz statsionar ulanish xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan rejalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Ushbu birlashuv kelgusidagi tarmoq investitsiyalari samaradorligini oshirishi, shuningdek, Beeline Uzbekistan kompaniyasining mavjud tarmog‘i bilan integratsiyalashuv orqali kapital va operatsion xarajatlar bo‘yicha sinergiyani yuzaga keltirishi kutilmoqda.

«O‘zbekiston — VEON kompaniyasining asosiy o‘sish bozorlaridan biri bo‘lib, ushbu xarid bizning mamlakatning raqamli kelajagiga bo‘lgan ishonchimizni aks ettiradi», — dedi VEON guruhi bosh ijrochi direktori Kaan Terzioglu. «Bir-birini to‘ldiruvchi chastota spektrlari va tarmoq aktivlarini birlashtirish orqali biz aloqa sifatini yaxshilashimiz hamda odamlar va bizneslar har kuni foydalanadigan raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishimiz mumkin. Bizning asosiy maqsadimiz — ushbu investitsiyani mijozlar uchun yanada yaxshi tajribaga, tarmoqqa kiritiladigan sarmoyalarning yuqori samaradorligiga hamda barqaror o‘sishga aylantirishdir».

«Ushbu xarid bizga mijozlarimizning aloqa xizmatlariga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun qo‘shimcha resurslar taqdim etadi, — dedi Beeline Uzbekistan bosh direktori Yevgeniy Nastradin. — Perfectum’ga tegishli chastota diapazoni bizdagi mavjud resurslarni to‘ldiradi hamda qamrov hududi va tarmoq sig‘imini kengaytirish, 5G xizmatlarini joriy etish, shuningdek, uy xo‘jaliklari va biznes uchun simsiz keng polosali aloqani rivojlantirish rejalarimizni qo‘llab-quvvatlaydi. Bizning asosiy vazifamiz — ushbu aktivlarni samarali integratsiya qilish va ular yordamida mijozlarimiz uchun sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlashdir».

To‘lov VEON kompaniyasining mavjud naqd mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Xaridni amalga oshirish uchun tegishli tartibga soluvchi organlarning ruxsatlari olingan bo‘lib, bitim oktyabr oyi oxiriga qadar yakunlanishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102014 | Инструменты