Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi Raisi, Bangladesh Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Xalilur Rahmonni qabul qildi
Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi Raisi, Bangladesh Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Xalilur Rahmonni qabul qildi.
Yuqori martabali mehmon 21-22-oktabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yoʻl” mavzusidagi Jahon sammitida ishtirok etish uchun mamlakatga keldi.
Suhbat avvalida davlat rahbari Xalilur Rahmonni BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi Raisi etib saylangani bilan samimiy tabriklab, mazkur maqomda tashrif buyurgan birinchi mamlakat Oʻzbekiston ekanini alohida qayd etdi.
Xalilur Rahmon Oʻzbekiston Prezidentiga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomini yetkazdi.
Muloqot chogʻida BMT va uning tuzilmalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 15 ta rezolyutsiyani qabul qildi, ularning ikkitasi joriy yilda maʼqullandi.
Oʻzbekiston tashkilotning asosiy organlari va tuzilmalari ishida faol ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, mamlakatimiz 2035-2036-yillar uchun BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy boʻlmagan aʼzoligiga oʻz nomzodini ilgari surgan.
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, iqlim oʻzgarishi oqibatlariga qarshi kurashish hamda tinchlik madaniyati va dinlararo muloqotni mustahkamlash masalalarida konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.
Ikki tomonlama munosabatlar haqida soʻz yuritilar ekan, Janubiy Osiyoning jadal rivojlanayotgan davlatlaridan biri Bangladesh bilan koʻp qirrali sheriklikni yanada kengaytirishga tayyorlik bildirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102102 | Инструменты