MB banklarga voyaga yetmaganlar uchun mobil ilovalardan foydalanishni taʼminlashni topshirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan shaxslarga bank kartalarini ochishda hamda ushbu kartalarni tijorat banklari yoki to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalariga biriktirishda biometrik identifikatsiyadan o‘tish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelayotganligi yuzasidan bildirilmoqda.

Markaziy bank boshqaruvining tegishli qarori bilan “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ga kiritilgan o‘zgarishlarga asosan endi 14 yoshdan – 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslar banklarda hisobvaraqlarni mustaqil ravishda ochishlariga ruxsat berildi.

Bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklarning oldini olish maqsadida Markaziy bankning tegishli ko‘rsatmasiga asosan banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalarida “Yangi ro‘yxatdan o‘tish”, “Parolni qayta tiklash” hamda “Akkauntga boshqa qurilmadan kirish”da biometrik identifikatsiyadan (Face-ID) o‘tish mexanizmi joriy etilgan.

Mazkur holatdan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan banklar va to‘lov tashkilotlariga xatarlarni boshqarish siyosatiga asosan, voyaga yetmagan shaxslar uchun mobil ilova orqali elektron to‘lov imkoniyatini taqdim etish hamda yukori xaterli amaliyotlar uchun qo‘shimcha identifikatsiya mexanizmlarini saqlab qolish imkoniyatlarini yaratish yuzasidan tegishli ko‘rsatma yuborilgan.

Qisqa davr ichida voyaga yetmagan shaxslar banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalari orqali o‘z bank kartalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkinligi maʼlum qilinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120413 | Инструменты