Shavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasi g‘olib va ishtirokchilarini tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasi o‘yinlarida ishtirok etgan yosh sportchilar, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga murojaat qildi.

Davlat rahbari saralash bosqichlarida 100 mingdan ziyod ishtirokchilar orasidan tanlab olingan qariyb 3 ming nafar eng kuchli sportchilar Olimpiadaning final bosqichlarida munosib ishtirok etganini alohida qayd etdi.

Prezident og‘ir atletika, yengil atletika, yunon-rum kurashi va taekvondo bo‘yicha rekordlar o‘rnatgan va amaldagi chempionlarni mag‘lub etgan yosh sportchilar — Shahnoza Haydarova, Mohinur Esonboyeva, Sadafbonu Nusratulloyeva, Qamariddin Xudoyberganov, Komila Sultanova, Umarali Abdujabborov, Miraslava Omelchenko kabi yoshlarning natijalarini alohida e’tirof etdi.

Shuningdek, to‘rt yil avval yo‘lga qo‘yilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” orqali kashf etilgan 23 nafar yosh sportchi bugungi Prezident Olimpiadasida g‘olib va sovrindor bo‘lgani ta’kidlandi.

Prezident bu musobaqalar yoshlar uchun Olimpiya ruhi va g‘oyalarini singdiradigan, jahon arenalari sari olib chiqadigan katta tajriba maktabi ekanini ta’kidladi.

Kelgusi yildan boshlab Prezident Olimpiadasi tizimiga suv sporti, velosport, triatlon, qilichbozlik va jamoaviy sport turlari ham kiritilishi, har bir bosqichga xalqaro sport mezonlari to‘liq joriy etilishi ma’lum qilindi.

Shu bilan birga:

  • trenerlar zamonaviy metodologiya asosida o‘qitilishi;
  • hakamlar malakasi oshirilishi;
  • sport maktablari va to‘garaklar infratuzilmasi yaxshilanishi;
  • musobaqalar natijalari ochiq va shaffof baholanishi ta’kidlandi.

Prezident musobaqalarni yuksak darajada tashkil etgan hududlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, sport federatsiyalari, OTM va maktab jamoalari, volontyorlar va sport muxlislariga minnatdorlik izhor etdi.

Murojaat yakunida Shavkat Mirziyoyev yosh sportchilarni tinimsiz mehnat qilish, katta marralar sari dadil intilishga chaqirdi va kelgusi musobaqalarda yanada yorqin g‘alabalar tiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120412 | Инструменты