Ohangaronda manzil koloniyasidan qochib, 3-sinfda taʼlim oladigan qizni zo‘rlagani aytilgan pedofilga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bugun JIB Ohangaron shahar sudida 1994 yilda tug‘ilgan M.T.ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilingan. Jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, M.T. voyaga yetmagan, 2016 yilda tug‘ilgan qizga nisbatan Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jinoyat kodeksining 34-moddasi 3-qismi “a” bandiga asosan M.T. o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan. Tayinlangan jazo muddatining dastlabki 2 yilini turmada, jazoning qolgan muddatini maxsus tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangan.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining apellyatsiya/kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi bildirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122518 | Инструменты