Toshkentda avtobuslarga gaz quyish shoxobchalari 33 tadan 11 tagacha qisqartirildi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim yo‘nalishlarda harakatlanayotgan avtobuslarning gaz yoqilg‘i quyish shoxobchalarida navbatda qolib ketayotgani haqida postlar va videoroliklar tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» AJ ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kungacha Toshkent shahrida kuniga 1 000 dan ortiq katta va o‘ta katta sig‘imli avtobuslar siqilgan tabiiy gaz (metan) yonilg‘isida harakatlanadi. Ularni siqilgan tabiiy gaz bilan ta’minlash avval 33 ta AGsh orqali amalga oshirib kelingan.

Biroq havo harorati pasaygani sababli aholi, ijtimoiy muassasalar va strategik muhim obektlarga tabiiy gazni teng ravishda yetkazib berishni ta’minlash maqsadida avtobuslarni gaz bilan ta’minlaydigan AGsh soni 11 tagacha qisqartirilgan.

Shundan kelib chiqib, «Hududgaz poytaxt» filiali va Toshkent shahar hokimligi bilan kelishuvga ko‘ra, poytaxtda faoliyat yuritayotgan AGsh ro‘yxati tasdiqlanib, «Toshshahartransxizmat» AJ rahbariyati tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida avtobuslarni AGshga yetkazish jadvali ishlab chiqilgan.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, AGshgacha bo‘lgan masofaning oshishi, qishda gaz iste’molining ko‘payishi hamda magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi tufayli avtobuslarga yonilg‘i quyish vaqti sezilarli uzaygan va bu shoxobchalarda navbatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirish, yo‘nalishlardagi avtobuslar harakati va oraliq intervalni saqlab qolish hamda yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlarining uzluksizligini ta’minlash maqsadida «Toshshahartransxizmat» AJ tomonidan tungi navbatchilik tashkil etilgani va vaziyat doimiy nazoratda ekani bildirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122513 | Инструменты