Prezident Farg‘ona viloyatida mahalliy sanoatni rivojlantirish va aholi daromadlarini ko‘paytirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda 1,5 ming gektarda maxsus sanoat zonalarini tashkil etish, elektrobuslar va quyosh panellari uchun mikrochiplar ishlab chiqarish, shuningdek, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlarida 600 ming aholiga mo‘ljallangan yirik shaharsozlik loyihalarini amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda joriy yil yakuniga ko‘ra viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,6 foizga, sanoat 8,5 foizga, xizmatlar hajmi esa 16,3 foizga o‘sishi kutilayotgani qayd etildi. Energetika, qurilish materiallari, elektrotexnika va farmatsevtika sohalarida umumiy qiymati kamida 20 milliard dollarlik investitsiya loyihalari portfeli shakllantirilgan. Mavjud imkoniyatlarni ishga solish hisobiga 2027-yilda yalpi hududiy mahsulotni kamida 10 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 9 foizga oshirish, 6,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilish va eksportni 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Viloyat sanoatini yangi model asosida rivojlantirish doirasida O‘zbekiston, Beshariq va Farg‘ona tumanlaridagi qariyb 1,5 ming gektar samarasiz yerlarda maxsus sanoat zonalarini tashkil etish ma’qullandi. Shuningdek, Farg‘ona shahrida kimyo korxonalarining bo‘sh turgan 24 gektar maydonida innovatsion texnopark barpo etib, 300 million dollarlik loyihalarni joylashtirish, “Eltexsanoat” texnoparkini 70 gektarga kengaytirish va Dang‘ara tumanida uning filialini ochish takliflari ko‘rib chiqildi. Xorijlik sheriklar bilan hamkorlikda qurilish materiallari, kabel mahsulotlari, shamol turbinalari, elektrobuslar, quyosh panellari uchun mikrochiplar, elektroskuter akkumulyatorlari, avtomobil ehtiyot qismlari va maishiy texnika ishlab chiqarish loyihalari taqdimot qilindi.
Turizm yo‘nalishida Marg‘ilon, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida yirik turistik majmualar, “Chimyon-soy” bo‘yida, Dang‘ara, Yozyovon, Oltiariq va So‘x tumanlarida esa Parkent tajribasi asosida zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etish rejalashtirilmoqda. Qishloq xo‘jaligida Farg‘ona, Quva va Oltiariq tumanlarida 37 ming gektar maydonda sanoatlashgan intensiv bog‘lar yaratish, viloyatda 100 ming bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan yirik loyihalarni amalga oshirish, Bag‘dod va Furqat tumanlarini chorvachilikka ixtisoslashtirish hamda Turkiya tajribasi asosida aholi xonadonlarida parrandachilikni rivojlantirish vazifalari belgilandi.
Joriy yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik darajasi 3 foizga, kambag‘allik esa 2,7 foizga tushishi kutilmoqda. 2027-yilda 1,1 million nafar aholining daromadini ikki barobar oshirish maqsad qilingan bo‘lib, buning uchun har yili bitta tuman yoki shaharda 10 tadan mahalla sanoat, savdo va xizmat ko‘rsatishga chuqur ixtisoslashtiriladi. Yozyovon, Beshariq, Furqat va Rishton tumanlaring kamida 10 tadan mahallasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash loyihalari, Oltiariq va Farg‘ona tumanlaridagi 41 ta mahallada esa 8,5 ming gektarda o‘rikchilik va uzumchilik kooperatsiyalari tashkil etiladi. Bundan tashqari, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlari hamda Uchko‘prik tumanidagi to‘rtta texnikumda Germaniya va Janubiy Koreya standartlari asosida yiliga 6 ming nafar fuqaroni xorijda ishlash uchun kasbga tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Aholisi 4,2 million nafardan oshgan viloyatda uy-joy va infratuzilmaga talab ortib borayotgani inobatga olinib, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlarida 600 ming nafar aholiga mo‘ljallangan yirik shaharsozlik loyihalari, shuningdek, yangi ta’lim, tibbiyot va sport muassasalarini barpo etish rejalari ko‘rib chiqildi. Yig‘ilish yakunida davlat rahbari viloyat hokimligi va islohotlar shtabiga belgilangan loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda aholi muammolarini manzilli hal etish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112701 | Инструменты