O‘zbekistonda qo‘riqlash xizmatlari sifati va qamrovini oshirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish rejalashtirilmoqda. Yangi tashabbuslar doirasida sun’iy intellekt yordamida xavf-xatarlarni oldindan aniqlash, “Aqlli va xavfsiz uy” konsepsiyasini amalga oshirish hamda 8 ta yangi xizmat turini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2027-yilga qadar qo‘riqlanadigan obyektlar sonini 600 mingtaga yetkazish maqsad qilingan.
Prezident qoʻriqlash xizmatlari sifati va qamrovi darajasini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Unda, sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida ehtimoliy xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularning oldini olish, qoʻriqlash boʻlinmalari faoliyatini samarali boshqarish yoʻlga qoʻyilishi ta'kidlandi.
Bugungi kunda mavjud 6ta xizmat turiga qoʻshimcha ravishda 8ta zamonaviy xizmat turini joriy etish taklifi bildirildi.
“Aqlli va xavfsiz uy” konsepsiyasi asosida xonadonlarga zamonaviy nazorat qurilmalarini oʻrnatish va ularga texnik xizmat koʻrsatish, mobil qurilmalar orqali tezkor yordam chaqirish imkoniyatini beruvchi virtual “SOS” tizimidan foydalanish koʻzda tutilmoqda.
Investorlar, sayyohlar va tadbirkorlarga tansoqchilik xizmatlarini koʻrsatish, oilaviy va boshqa tadbirlarda jamoat tartibini saqlash, uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida kuzatuvni amalga oshirish, mavsumiy faoliyat yurituvchi obyektlarni qoʻriqlash kabi xizmatlarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Yangi qurilayotgan obyektlarni qoʻriqlashning muhandislik-texnik vositalari bilan jihozlash boʻyicha yagona talablarni belgilash, shaharsozlik normalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish taklif etildi.
Fuqarolarning mol-mulklarini himoya qilish maqsadida koʻp kvartirali uylarda texnik qoʻriqlash (domofon va tashvish tugmalarini oʻrnatish) xizmatidan foydalanish amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Qoʻriqlash sohasida xususiy sektor imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun zarur huquqiy va tashkiliy sharoitlarni yaratish boʻyicha takliflar bildirildi.
Jumladan, xususiy tashkilotlar tomonidan qoʻriqlashning texnik vositalarini oʻrnatish, sozlash va ularga xizmat koʻrsatishning yagona tartibi va talablarini belgilash koʻzda tutilgan.
Qoʻriqlashning zamonaviy texnik vositalarini mahalliylashtirish, milliy dasturiy taʼminot va qurilmalar ishlab chiqarishni kengaytirish boʻyicha rejalar taqdim etildi.
Qayd etilganidek, mahalliylashtirish darajasini 30 foizdan 60 foizga, qurilmalar ishlab chiqarish quvvatini oyiga 10 mingtadan 30 mingtaga yetkazish hisobiga ularning tannarxini 1,7 barobar arzonlashtirish imkoniyati mavjud.
Sohada sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Milliy gvardiyaning qoʻriqlash faoliyatiga oid vakolatlarini kengaytirish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Xususan, Milliy gvardiya tomonidan qoʻriqlanishi mumkin boʻlgan obyektlar turlarini 13 tadan 24 taga yetkazish, jismoniy va texnik qoʻriqlash, tansoqchilik hamda turli tadbirlarda jamoat tartibini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish imkoniyatlarini kengaytirish taklif qilindi.
Shu bilan birga, majburiy tartibda qoʻriqlanishi lozim boʻlgan obyektlar toifalarini qonunchilikda belgilash, idoraviy qoʻriqlash boʻlinmalarining huquq-tartibot organlari bilan oʻzaro hamkorligi tartibini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2027-yilda qoʻriqlashga olingan obyektlar sonini 600 mingtaga, tezkor harakatlanuvchi guruhlar sonini 800 taga yetkazish, qoʻshimcha 1,5 mingta mahallada patrullik xizmatini tashkil etish maqsadida qoʻriqlash xizmati xodimlari sonini 8 mingtaga oshirish maqsad qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112620 | Инструменты