Shavkat Mirziyoyev Qohiradagi avtohalokat munosabati bilan Misr prezidentiga ta’ziya yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev Misr poytaxti Qohirada avtohalokat tufayli yuzaga kelgan kuchli yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jarohatlangani munosabati bilan Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiyga ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarning tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

25-noyabr kuni Qohira atrofidagi halqa yo‘lida yonilg‘i tashiyotgan yuk mashinasi ag‘darilib ketishi oqibatida portlash va yong‘in sodir bo‘lgandi. Hodisa oqibatida 31 kishi halok bo‘lgan, yana 21 kishi jarohatlangan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 27 ta transport vositasi, jumladan, yengil avtomobillar va mototsikllar yonib ketgan. Qutqaruv ishlariga 39 ta tez tibbiy yordam mashinasi jalb etilgan.

YTH sabablarini aniqlash yuzasidan tergov boshlangan. Halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash maqsadida DNK namunalari olingan.

Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy va uning rafiqasi Intisor halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Prezident jabrlanganlar hamda qurbonlarning oilalariga yordam ko‘rsatishni topshirgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112620 | Инструменты