O‘tgan yili Andijon xalqaro aeroporti aerodrom majmuasini keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish ishlaridan so‘ng o‘z faoliyatini qaytadan boshlagan edi. Shu kunlarda aeroportda soatiga 1000 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan yangi yo‘lovchi terminali qurilishi olib borilmoqda.
"Uzbekistan Airports" kompaniyasi O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari jurnalistlarini kelajakdagi terminal loyihasi, qurilish jarayoni bilan tanishtirish hamda Andijon aeroportini rivojlantirish bo‘yicha dolzarb savollarga javob berish uchun taklif etdi. Safar doirasidagi matbuot anjumanida "Andijon" xalqaro aeroporti direktori Sohibjon Kenjayev va ishlab chiqarish bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari Qobiljon Abdunazarov ishtirok etdilar.
Andijon aeroportining amaldagi aerovokzal majmuasi 1979-yilda qurilib, foydalanishga topshirilgan. Uning maydoni atigi 2 402,4 kvadrat metrni, o‘tkazish qobiliyati esa soatiga 200 nafar yo‘lovchini tashkil etadi. Natijada amaldagi terminal imkoniyatlari yo‘lovchilar oqimi va aviaqatnovlar hajmining yanada o‘sishini cheklovchi omillardan biriga aylandi. Yangi terminalning maydoni 19 650 kvadrat metrni tashkil etadi, bu mavjudidan deyarli 8,2 baravar katta. Uning o‘tkazish qobiliyati soatiga 1000 nafar yo‘lovchiga, ya’ni 5 baravarga oshadi. Loyiha amalga oshirilgach, aeroport yiliga qariyb 1 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda.
Andijonda yangi terminal qurilishining yana bir o‘ziga xos jihati bormi, deya savol tug‘ilsa: Samarqand, Urganch, Buxoro va Namangandagi aeroportlarni rivojlantirish loyihalaridan farqli o‘laroq, bu loyiha "Uzbekistan Airports" tomonidan xususiy investorlarni davlat-xususiy sheriklik mexanizmi asosida jalb qilmagan holda mustaqil ravishda amalga oshirilmoqda. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi qaroriga asoslangan. Bosh loyihachi – "PRIME TOWER GROUP" MChJ, bosh pudratchi esa – "MARIN BUSINESS TRADE" MChJ hisoblanadi. Qurilish-montaj ishlarini bajarish bo‘yicha shartnoma o‘tkazilgan tender asosida 2026-yil 5-fevralda tuzilgan.
Avval xabar qilinganidek, 2025-yil mart oyida aerodrom majmuasi to‘liq rekonstruksiya qilingan edi: mavjud uchish-qo‘nish yo‘lagi, harakatlanish yo‘laklari va havo kemalari to‘xtash joyining bir qismini rekonstruksiya qilish hamda kengaytirish ishlari yakunlangan. 2025-yil 15-mart kuni aeroport "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasining Toshkent — Andijon yo‘nalishidagi ilk texnik reysini qabul qildi. Shundan so‘ng aeroportda muntazam aviaqatnovlar bajarila boshlandi.
Aerodrom infratuzilmasini yanada rekonstruksiya qilish doirasida yirik havo kemalari uchun 10 ta to‘xtash joyi, ikkita yangi harakatlanish yo‘lagi (ulardan biri — tezkor) barpo etilmoqda, perimetr xavfsizligi va elektr ta’minoti tizimi modernizatsiya qilinmoqda, yangi zamonaviy yorug‘lik-signal jihozlari tizimi o‘rnatildi. Aerodrom infratuzilmasining modernizatsiya qilinganligi natijalari allaqachon yo‘lovchi tashish dinamikasida o‘z aksini topmoqda. 2026-yilning birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, Andijon mintaqaviy aeroportlar orasida yo‘lovchilar oqimining eng yuqori o‘sishini ko‘rsatdi — 2249% ga (past bazadan kelib chiqqan holda).
Aerodrom infratuzilmasining modernizatsiya qilinishi aeroportga yirikroq havo kemalariga, jumladan, keng fyuzelyajli samolyotlarga xizmat ko‘rsatishga o‘tish imkonini berdi. Xususan, joriy yilning 3-iyul kuni Andijon o‘z tarixida ilk bor Madina — Andijon yo‘nalishi bo‘yicha "Flyadeal" aviakompaniyasining Airbus A330 muntazam reysini qabul qildi. Bortda 354 nafar yo‘lovchi bor edi. Yana bir muhim voqea – 4-avgust kuni aeroport tarixida ilk bor "Challenge Air Cargo" aviakompaniyasining Boeing 747-400F yuk samolyotining qabul qilinishi bo‘ldi. Bunday turdagi havo kemasiga xizmat ko‘rsatilganining o‘ziyoq Andijonning yangilangan aerodrom infratuzilmasining yangi imkoniyatlarini namoyish etadi va aeroport reytingini oshiradi.
Bugungi kunga kelib yangi terminal binosi bo‘yicha qurilish-montaj ishlarining umumiy hajmi qariyb 40% tashkil etadi. Yer osti suvlarini chiqarib yuborish uchun drenaj tizimini o‘rnatish, poydevor ostini tayyorlash, poydevor qismiga beton quyish va perimetr bo‘ylab sokol betonini yotqizish ishlari to‘liq bajarildi. Modulni yig‘ish ishlari 100% foizga bajarildi — 13 104 kvadrat metr konstruksiyalar o‘rnatildi. Asosiy metall konstruksiyalar to‘liq o‘rnatib chiqildi. Tom yopish konstruksiyasi uchun profnastillar o‘rnatilishi yakunlandi hamda o‘tga chidamli bo‘yoq bilan ishlov berilgan 10 483 kvadrat metr profillar montaj qilindi. Birinchi qavat polini betonlash va armatura karkasini o‘rnatish ishlari 90% ga bajarilgan. Qavatlararo to‘sinlar, bog‘lamali metall konstruksiyalar va fasad yo‘naltirgichlarini o‘rnatish ishlari davom etmoqda. Jadvalga muvofiq, yangi yo‘lovchi terminali qurilishini 2026-yilning oxiriga qadar yakunlash rejalashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 81922 | Инструменты