Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishning navbatdagi chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
O'zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish, mavjud suv resurslarining energetik salohiyatidan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kichik va mikro GESlar olis hududlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish va xususiy investitsiyalarni jalb etishda muhim o‘rin tutadi.
O‘tgan yili qabul qilingan alohida qarorga muvofiq, xususiy sektor ishtirokida jami 164 megavatt quvvatli qariyb 3 mingta kichik va mikro GES qurish belgilangan.
Bugungi kunda 64 ta loyiha ishga tushirilib, ularning jami quvvati 41,6 megavattga yetgan. Ammo bu belgilangan quvvatning atigi to‘rtdan bir qismini tashkil etadi. Rejadagi qariyb 3 mingta loyihadan 932 tasi bo‘yicha tashabbuskor aniqlangan. Jahon banki ishtirokida ajratilgan 150 million dollarlik imtiyozli resurslardan foydalanish ham sust ketayotgani qayd etildi.
Tadbirkor va investorlarda stansiyalarni qurish hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotish shartlari bo‘yicha savollar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan auksionlarda loyihaning boshlang‘ich narxi bilan birga elektr energiyasini xarid qilish tarifining eng quyi chegarasini belgilash, tariflarni stansiya quvvatiga qarab tabaqalashtirish taklif qilindi. Bu “nol” qiymatda yutib olingan, ammo amalga oshirilmay qolgan loyihalar muammosini hal etib, investorlar uchun aniq va barqaror shart-sharoit yaratadi.
Shuningdek, 100 kilovattgacha bo‘lgan mikro GESlarni loyihalash va qurish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Quvvati 50 kilovattgacha bo‘lgan loyihalar shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi va davlat arxitektura-qurilish nazoratidan ozod etiladi.
Qo‘shimcha suv bosimini hosil qilish uchun kanal, daryo va o‘zanlar konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladi. Suv xo‘jaligi obyektlarida o‘z ehtiyojlari uchun kichik va mikro GESlarni auksionsiz qurish imkoniyati ham yaratiladi.
Loyihalar uchun munosib joylarni aniqlashdan tortib, ularni ishga tushirish va ekspluatatsiya qilishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi raqamli platforma joriy etiladi. Shu bilan birga, loyihalash, qurish va foydalanish bo‘yicha yagona uslubiy qo‘llanma hamda xususiy sektor ishtirokida loyihalarni amalga oshirish tartibi ishlab chiqiladi.
Sohadagi yana bir dolzarb masala – importga yuqori darajada qaramlik. Hozirda kichik va mikro GESlar uchun zarur gidroagregat va butlovchi qismlarning 90 foizi chetdan olib kelinmoqda.
Bu borada 46 ta kichik va mikro GES qurgan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining tajribasidan foydalanish, tadbirkorlarga loyihalash, qurilish-montaj ishlari va uskunalar yetkazib berish bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi. Mahalliylashtirish mumkin bo‘lgan agregat va butlovchi qismlarning aniq ro‘yxatini shakllantirib, ularni mamlakatimizda ishlab chiqarish bo‘yicha tadbirkor va investorlarga takliflar beriladi.
O'zbekistonda daryo va kanallar tarmog‘ining umumiy uzunligi 173 ming kilometrdan ziyod. Taqdimotda betonlashtirilgan kanallarda kichik va mikro GESlar qurish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Mutasaddilarga bunday obyektlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, qo‘shimcha loyihalar zaxirasini aniqlash vazifasi qo‘yildi.
Umuman, 2030-yilga qadar bunday stansiyalar quvvatini 204,8 megavattga yetkazib, yiliga 620 million kilovatt-soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Bu 350 mingta xonadonni “yashil” energiya bilan ta’minlash, yiliga 187 million kub metr tabiiy gazni tejash va atmosferaga 311 ming tonna karbonat angidrid chiqarilishining oldini olish imkonini beradi.
Shuningdek, yangi o‘quv yilidan kichik quvvatli “yashil” energetika yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun dual ta’lim tizimi joriy etiladi. Energetika korxonalari, jumladan, kichik gidroenergetika obyektlari talabalar uchun amaliyot bazasi sifatida belgilanadi.
Davlat rahbari belgilangan loyihalarni jadallashtirish, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish, moliyaviy resurslardan samarali foydalanish, uskunalarni mahalliylashtirish va malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 81922 | Инструменты