O'zbekistonda tadbirkorlarga moliyaviy jarimalarni 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini belgilash, ular ustidan shikoyat qilish hamda noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi

Ushbu hujjat moliyaviy jarimalarni qo‘llashning yagona, aniq va shaffof tartibini belgilash, moliyaviy sanksiyalarni ixtiyoriy va yengillashtirilgan tartibda ijro etish mexanizmlarini joriy qilishga qaratilgan.

Qonun loyihasida moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlar ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish, qonunga xilof ravishda undirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida va to‘liq qaytarish orqali tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish nazarda tutilmoqda.

Loyihada sud nazoratining samaradorligini oshirish hamda moliyaviy javobgarlikni qo‘llash tartibini yanada yengillashtirish ham belgilanyapti. Bu esa, tadbirkorlarni asossiz yoki ortiqcha moliyaviy jazolardan himoya qilishga xizmat qiladi.

Hujjat bilan moliyaviy jarimadan ozod etish yoki uni olti oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham yaratilmoqda. Qolaversa, sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan jarima summasini qisqa muddatlarda qaytarish, kechiktirilgan taqdirdi esa foiz to‘lash tartibini joriy etish nazarda tutilyapti.

Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi huquqbuzarliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish, qo‘llanilgan moliyaviy majburiyatlarni o‘z vaqtida to‘lanilishini rag‘batlantirish, davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida bu boradagi munosabatlarni soddalashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 81922 | Инструменты