2025 yil mobaynida respublikada jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 79 554 nafar shaxsga nisbatan 63 177 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 422 nafar shaxs esa oqlanib, reabilitatsiya qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati maʼlum qildi.
Jinoyat ishlarining salmoqli qismi Toshkent shahri, Farg‘ona, Toshkent, Samarqand va Namangan viloyatlarida ko‘rilgan.
Sudlangan shaxslar soni 63 340 nafarni tashkil etib, shundan 18 816 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 43 531 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 993 nafar shaxs shartli hukm qilindi. Sudlangan shaxslarning 55 829 nafari erkak, 7 511 nafari ayol, 23 973 nafari yoshlar (shu jumladan 2 431 nafari voyaga yetmagan) va 2 830 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar.
8 085 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilindi va 15 992 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.
86 nafar shaxsga (yoshlar, ayollar va boshqalar) kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
35 572 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinib, 11 421 nafar shaxsning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi.
Ko‘rilgan jinoyat ishlarning aksariyatini firibgarlik, YHQ bo‘yicha huquqbuzarlik, o‘g‘rilik, narkojinoyatlar, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash kabi jinoyatlar tashkil qilgan.
Shuningdek, hisobot davrida apellyatsiya tartibida 10 423 nafar shaxsga nisbatan 7 723 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 340 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 2 375 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
Kassatsiya tartibida 6 197 nafar shaxsga nisbatan 5 505 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 379 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 1 383 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
Taftish tartibida 6 587 nafar shaxsga nisbatan 5 573 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 173 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 813 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati tomonidan taftish tartibida 1 072 nafar shaxsga nisbatan 915 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 213 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 325 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13119 | Инструменты