Turkiyaning Istanbul shahrida qotillik qurboni bo‘lgan Durdona Hakimovaning jasadi va uning ikki farzandi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, marhuma va uning farzandlarining vatanga qaytish bilan bog‘liq xarajatlari Bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligi hisobidan qoplab berilgan.
“Afsuski, mazkur hodisa yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda marhumaning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, salbiy hamda biryoqlama fikrlar tarqalmoqda.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, Durdona Hakimova Istanbul shahrining Fotih tumanida joylashgan “Eskeri melzeme” nomli harbiy kiyim-kechak savdo do‘koni muassisi bo‘lgan. U faol tadbirkor sifatida ko‘plab yurtdoshlarimizga yordam ko‘rsatib kelgan. Uning farzandlari esa dizaynerlikka ixtisoslashgan litseyda tahsil olishgan”, deyiladi xabarda.
Bosh konsulxona fuqarolardan vaziyatni to‘liq o‘rganmay turib, biryoqlama, noxolis va shaxsni kamsituvchi ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘ragan va bunday harakat qonunchilikda belgilangan javobgarlikka olib kelishini, shuningdek, millatga nisbatan xalqaro maydonda salbiy fikrlar shakllanishiga sabab bo‘lishini eslatgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13114 | Инструменты