Huawei 1
Yerdan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 sentyabr kuni qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Oxirgi besh yilda yer hisobini yuritish bo‘yicha yangi tizim yaratildi, qisqa vaqtda mamlakatimizdagi 45 million gektarga yaqin yer maydonidan 42 million gektari, yaʼni 94 foizi, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 26 million gektardan ziyod yerlarning 88,4 foizi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Taqdimot davomida ilgari fuqarolar va tashkilotlar foydalanishida bo‘lib, tuman hokimliklari tasarrufiga qaytarilgan bo‘sh yerlarning hisobini alohida yuritish zarurligi taʼkidlandi. Bunday yerlarni qisqa muddatda auksionga chiqarish bo‘yicha inson omilisiz ishlaydigan tizim yaratish topshirildi.

Qishloq xo‘jaligida yerga ijara huquqini bozor aktiviga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlandi, yerga nisbatan qayta ijara, ikkilamchi ijara institutlari kiritildi.

Endilikda ijaraga berilgan yerlarni qisman qayta ijaraga berishga, yaʼni bir qismini o‘zida olib qolib, qolgan qismini boshqa ijarachiga o‘tkazishga ham ruxsat beriladi. Ilgari bu uchun yerni davlatga qaytarish va yangidan auksionga chiqarish lozim edi.

2021 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlari faqat ijara huquqi bilan ajratilmoqda. Yig‘ilishda 2027 yil 1 yanvargacha qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan barcha yerlarni ijara huquqiga o‘tkazish lozimligi taʼkidlandi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlar – yengil konstruksiyali muzlatkichli omborxonalar, saralash, qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponi, texnika parki qurishga ruxsat beriladi.

Buning uchun avval yer tuzish loyihasi ishlab chiqilib, tasdiqlanadi. Ushbu loyiha qurilishga ruxsat berish paytida yerga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi.

Bu yangilik qishloq xo‘jaligida yangi imkoniyatlarni ochadi, bog‘bon o‘zi bog‘ining bir chetida mevani saqlash joyi, chorvador o‘z yaylovining bir qismida chorva mollari va chorva ozuqasini saqlash joylari qurish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligida ijara munosabatlarini yana-da rivojlantirish, ijarachilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, sohaga bozor munosabatlarini yana-da keng joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Taqdimot yakunida mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha farmon imzolandi, qonunosti hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi belgilandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91002 | Инструменты