Yangi Qonun bilan bola huquqlarini himoya qilish mustahkamlanadi
10-mart kuni davlatimiz rahbari “Bola huquqlarining qo'shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi. Mazkur Qonun Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan ma'qullangan edi.
Qonun bilan O'zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga, Fuqarolik protsessual kodeksiga, “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonunlariga o'zgartish hamda qo'shimchalar kiritilgan.
Xususan, Oila kodeksiga quyidagi qo'shimchalar kiritilgan:
*oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola o'z fikrini ifoda qilishga, shuningdek sud muhokamasi yoki ma'muriy muhokama davrida so'zlashga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli bo'lgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat'i nazar, ko'rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak.
* Ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik
va homiylik organlari, shuningdek o'n to'rt yoshga to'lgan bola bir vaqtning o'zida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta'minoti uchun aliment undirish to'g'risida da'vo qo'zg'atishga haqli.
Shuningdek, “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi Qonunga kiritilgan o'zgartishlar ko'ra bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan ota-ona (ulardan biri) yoki ota-onaning o'rnini bosuvchi shaxslar bolaga ta'minot, tarbiya va ta'lim berish bo'yicha majburiyatlarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiiste'mol qilganda bola o'z huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini so'rab vasiylik va homiylik organiga, shuningdek boshqa davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqli. Bunday murojaatlarni bola to'liq muomala layoqatiga ega bo'lmaganligi sababli ko'rib chiqmasdan qoldirishga yo'l qo'yilmaydi.
Bundan tashqari, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonun “Voyaga yetmagan shaxslarning murojaatlarini ko'rib chiqishning o'ziga xos xususiyatlari” deb nomlangan 241-modda bilan to'ldirilgan. Unga muvofiq, voyaga yetmagan shaxslar o'z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga ushbu Qonunda belgilangan tartibda mustaqil ravishda murojaat berishga haqli. Davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan voyaga yetmagan shaxsning murojaatlarini ko'rib chiqish uning qonuniy vakillari, shuningdek vasiylik va homiylik organlari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxslar to'liq muomala layoqatiga ega bo'lmaganligi sababli ularning murojaatlarini ko'rib chiqmasdan qoldirishga yo'l qo'yilmaydi.
Murojaatda qo'yilgan masalalarni hal etish o'z vakolatiga kirmaydigan davlat organlari, tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari murojaatni tegishli davlat organiga, boshqa tashkilotga yoki mansabdor shaxsga yoxud vasiylik va homiylik organiga yuborishi shart.
Shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksiga ham o'zgartishlar kiritilgan.
Xulosa qilib aytganda, ushbu hujjat Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiya talablarini har tomonlama hayotga tatbiq etish, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan bolalarning huquqlarini amalda kafolatlash, ularning jismoniy, intellektual, ruhiy va ma'naviy yetuk avlod bo'lib yetishishini ta'minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadlariga xizmat qiladi.
Baxtiyor SAYFULLAYEV,
Oliy Majlis Senati
Yoshlar, madaniyat va sport
masalalari qo'mitasi raisi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61613 | Инструменты