Toshkent shahri va viloyat markazlarida birorta hokim bo‘sh joylarni topib, yashil hudud, odamlar toza havoga chiqib o‘tiradigan joylar, sport maydonchalari, fontanlarni ko‘paytirishni o‘ylamayotgani tanqid qilindi.
Bor sport maydonchalari va bolalar o‘yingohlari, uylar orasidagi yashil hududlar qurilish uchun berib yuborilayotganidan odamlar norozi.
Misol uchun, barcha ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarni boshqaruv kompaniyalariga biriktirib berish bo‘yicha topshiriq berilgan. Lekin, Toshkent shahri hokimining 5 maydagi qarori bilan 9 ming 802 ta ko‘p qavatli uylarning faqatgina bino ostidagi yerlari kadastr bilan biriktirilgan.
“Maqsadi bitta – qolgan yerlarni qurilish qilish uchun tadbirkorlarga sotish! Qani topshiriq nazorati? Qani qonunning kuchi?” – dedi Prezident.
Bosh prokuror o‘rinbosari S. Samadovga, adliya vaziri A. Toshqulovga “O‘zbekkosmos” va Kadastr agentligi bilan birgalikda qaysi hududda “yashil” hudud, sport maydonchasi, bolalar o‘yingohi boshqa maqsadlar uchun berib yuborilgan bo‘lsa, hammasini aniqlab, joyiga qaytarish topshirildi.
Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarni boshqaruv kompaniyalariga berish bo‘yicha hokimlarning qarorlarini o‘rganib, qonunga zidlarini bekor qilish vazifasi qo‘yildi.
“Bir narsani to‘g‘ri tushunib olish zarur. Tuman bo‘g‘ini samarali ishlamasa, yuqoridan qanday topshiriq tushirilmasin, ko‘zlangan maqsadlarga erishib bo‘lmaydi”,- dedi Prezident.
Masalan, tumandagi xodimning oyligi vazirlikka qaraganda 3-4 karra kam bo‘lgani uchun kadrlar qo‘nimsizligi yuqori ekani qayd etildi.
Tuman hokimiga yuzdan ortiq qonun va qarorlar bilan 500 ga yaqin funksiya yuklatilgani bilan, ularning yarmidan ko‘pini bilmaydi. Chunki o‘zi ham, o‘rinbosarlari ham 40 foiz vaqtini yig‘ilish o‘tkazishga sarflayapti.
Tuman tashkilotlari shtatini taqsimlash, yaxshi rahbarni rag‘batlantirish, yomonini almashtirish bo‘yicha hokimda vakolat yo‘q. Quyi bo‘g‘indagi shtatlar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadiga mos emas.
Tumandagi kompleks rivojlanishga masʼul birorta idora 3-5 yillik maqsad va rejalar dasturini qilib, hokim oldiga masala qo‘ya olmayapti, kunlik topshiriqlar bilan ovora.
Shu bois, ayrim tumanlarda tayyor berilgan resursga ham loyiha topilmayapti.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71318 | Инструменты