Mamlakatimizdagi 1 ming 24 ta mahalla “og‘ir” toifada, yana 1 ming 294 tasida jinoyatchilik, 1,5 mingida ajrimlar soni ko‘paygan. Eng ko‘p “og‘ir” mahallalar Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida.
Hozirgacha 8 ming 481 ta mahallada saylov bo‘lib o‘tdi. 3 ming 590 ta mahallaga yangi raislar saylandi, 4 ming 891 nafari joyini saqlab qoldi.
Mahallalar uyushmasi mahalla raislari va “yettilik”ni yangicha ishlashga o‘rgatishi zarurligi qayd etildi. Umuman, mahalla tizimida ancha masala yig‘ilib qolgani, saylov yakunlanganidan keyin ular alohida muhokama qilinishi taʼkidlandi.
So‘nggi yetti yilda yo‘l qurish va taʼmirlashga berilgan 61 trillion so‘mning asosiy qismi xalqaro va respublika yo‘llariga to‘g‘ri keladi. Lekin o‘lim bilan bog‘liq avtohalokatning 75-80 foizi ham shu yo‘llarda bo‘lyapti.
Ayniqsa, aholi jamoat transporti sifati va tirbandliklardan mutlaqo norozi ekani qayd etildi.
Aholining yana bir eʼtirozi – yo‘llardagi kameralar dislokatsiyasi. Ular faqat qoidabuzarlikni qayd etib, jarima yozish uchun ishlayapti. Bu kameralar aslida transport oqimini boshqarish, tirbandlik va avariyani kamaytirishga xizmat qilishi kerakligi taʼkidlandi.
Chorraha, chiziq va yo‘l belgilarini to‘g‘rilash, svetoforlarni “aqlli” boshqaruvga o‘tkazish bo‘yicha ishlar sustligi tanqid qilindi.
Poytaxtda transport harakatini sunʼiy intellekt asosida tartibga solish bo‘yicha taqdimot qilinganiga ham ancha vaqt bo‘lgani, lekin natija yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61618 | Инструменты