Har bir tumanda 5 tadan, jami 1 ming 156 ta drayver loyiha infratuzilmasiga 300 milliard so‘m ajratilgan.
Lekin Buxorodagi 27 ta, Navoiydagi 22 ta loyiha bo‘yicha qurilish boshlanmagan. Jizzax, Qashqadaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatida ham ishlar rejadan 1-2 oyga kechikayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Yoki 16 ta tumanning har birini jadal rivojlantirishga 70 milliard so‘mdan pul ajratildi.
Birinchi bosqichda 336 milliard so‘m berilgani bilan Chimboy, Asaka, Chortoq tumanlari hokimlari o‘zi bergan loyihani uch oydan beri qayta-qayta o‘zgartirayotgani tanqid qilindi. Sirdaryo, Yakkabog‘ tumanlari va Yangiyo‘l shahrida ham ishlar sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hokimlar natija bo‘lmasa, mablag‘ qaytarib olinishi haqida ogohlantirildi.
Meva-sabzavot yetishtirish, saqlash, qayta ishlashga zamonaviy agrotexnologiya olib kirish, eksportni ko‘paytirish uchun 16 ta tumanda “Agrostar” kompaniyasi tashkil etilib, 300 milliard so‘m berilgan. Banklar ham ularga 10 million dollardan resurs ajratishni boshladi.
Lekin bu tumanlarning 5 tasida meva-sabzavot eksporti ko‘payish o‘rniga, o‘tgan yilgidan kamaygan. Barcha masalalar resurs bilan hal qilib berilgan bo‘lsa, “Agrostar” kompaniyalari qachon natija berishni boshlaydi, deya savol qo‘ydi Prezidentimiz.
Hokimlardan oziq-ovqat va eksportni ko‘paytirish talab qilinmoqda. Lekin tumanlar hududining katta qismini tashkil qiladigan o‘rmon va yaylov yerlari respublika tashkilotlariga berilgan. Tuman hokimining vakolati bo‘lmagani uchun daraxt bilan qoplanmagan o‘rmon hududlarida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtira olmaydi.
Umuman, oziq-ovqatni ko‘paytirishda eng katta zaxira bo‘lgan 16 million gektar yaylov va 12 million gektar o‘rmon yerlaridan yetarlicha foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
“Shuncha resurs bilan go‘shtga bo‘lgan ichki ehtiyojni to‘liq qoplab, eksportga ham chiqsak bo‘ladi-ku!” – dedi davlat rahbari.
Bosh vazirga bu masalani nazoratga olib, bir oyda o‘rmon va yaylov yerlarining qanchasini aholiga oziq-ovqat, ozuqa uchun bo‘lib berishini hisob-kitob qilish hamda yerlarni auksionga chiqarish topshirildi. Shuningdek, yaylov va o‘rmon yerlarini olayotgan fermer va chorvadorlarning aylanma mablag‘ini ham hal qilib berish vazifasi qo‘yildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61619 | Инструменты