Huawei 1
Akademik intizom va ta’lim sifatidagi muammolar — Oliy ta’lim vazirligi sirtqi ta’lim tugatilishiga izoh berdi

16-iyun kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova sirtqi ta’lim shakli tugatilishi yuzasidan fuqarolar va jamoatchilik vakillari tomonidan berilayotgan savollarga javob berdi.

Joriy yilning may oyidagi prezident farmoni bilan 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab ta’limning sirtqi shakliga qabul tugatilgandi. Mazkur talab davlat hamda xususiy oliygohlar uchun teng amal qiladi.

Vazirlik 2018-yilda qayta joriy etilgan sirtqi ta’lim shakli katta yoshdagi aholi o‘rtasida oliy ta’lim qamrovini oshirib, ijobiy natijalar berganini qayd etdi. Biroq, akademik intizom, sifat nazorati va yuqori ta’lim standartlariga rioya qilish bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan. Shuning uchun ham sirtqi ta’lim shakli tugatilgan. Hozirda tahsil olayotganlar esa o‘qishini davom ettiradi.

Ular o‘z yo‘nalishlarida davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq o‘qishni yakuniga yetkazadilar. OTMlar esa o‘quv mashg‘ulotlarini sifatli tashkil etishi, ularni axborot-resurslari va amaliy mashg‘ulotlar bilan ta’minlashlari zarur.

Sirtqi ta’lim shaklida belgilangan tartibda diplom olganlar qonunchilikka muvofiq to‘liq oliy ma’lumotli mutaxassis hisoblanadi. Ularga beriladigan diplomlar boshqa ta’lim shaklidagilari (kunduzgi, kechki yoki masofaviy) bilan teng yuridik kuchga ega.

Hozirda kunduzgi shaklda birinchi bosqichda tahsil olayotgan talabalar o‘qishini sirtqi ta’limga ko‘chirishlari mumkin. Bunda ularning o‘qishi sirtqi ta’lim shakli mavjud guruhlarga ko‘chiriladi. Ular belgilangan muddat va tartibda ro‘yxatdan o‘tishlari va ariza jo‘natishlari kerak.

Kelgusida kunduzgi ta’limga muqobil shakllar — masofaviy, kechki va maqbullashtirilgan kunduzgi (part-time) ta’lim shakllari bosqichma-bosqich tashkil etiladi, ularga qabul ko‘rsatkichlari kengaytirib boriladi.

“Bu ishlayotgan abituriyentlar uchun o‘qish va ishni bir vaqtda olib borish imkonini beradi. Masofaviy ta’lim AKTdan foydalangan holda tashkil etilib, talabalar bevosita ta’lim muassasasiga kelmasdan bilim olishlari mumkin bo‘ladi”, — dedi Abduqunduzova.

Kechki ta’lim shaklida o‘qish ish vaqtidan keyin amalga oshiriladi. Hukumat tomonidan bu bo‘yicha tashkiliy-huquqiy mexanizmlar takomillashtirilib, o‘quv dasturlari talabga moslashtirilmoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda manfaatdor organlar bilan maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shaklida (part-time education) kadrlar tayyorlash tartibi bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish topshirilgan. Hujjat ishlab chiqilgach, mazkur ta’lim shakli joriy etiladi.

Bundan tashqari, hozir mamlakatdagi 21 ta davlat hamda nodavlat OTMlarida masofaviy ta’lim shakli mavjud. Vazirlikka ko‘ra, yangi o‘quv yilida boshqa oliy ta’lim tashkilotlarida ham mazkur shakl bo‘yicha ta’lim yo‘lga qo‘yilib, tegishli platformalar yaratiladi. Qabul esa umumiy tartibda amalga oshirilib, qo‘shimcha majburiyatlar talab etilmaydi.

Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yilidan ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ham sirtqi ta’lim shaklida qabul tugatildi. Buning uchun kunduzgi, masofaviy yoki kechki ta’lim shakllaridagi yo‘nalishlarda o‘qish mumkin.

Avvalgi yillarda sirtqi ta’lim shaklida ikkinchi mutaxassislikka qabul qilinganlar esa o‘qishini davom ettiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61701 | Инструменты