Huawei 1
Ilon Mask: Xalqaro kosmik stansiya orbitada qolish uchun juda xavfli

Ilon Mask Xalqaro kosmik stansiyani (XKS) tezroq orbitadan tushirishga chaqirdi. Bu haqda Newsweek xabar berdi.

“Roskosmos” bir necha bora stansiyaning yorilgan korpusiga germetik modda bilan muntazam ravishda ishlov berib kelgan. Yaqinda kosmonavtlar havo bosimi bilan bog‘liq anomaliya sababli yana bir bor “Zvezda” moduli korpusining ichki qismi yoriqlarini yamagandi. Ammo SpaceX rahbari XKSni halokat yuz berishidan oldin imkon qadar tezroq orbitadan tushirishga chaqirmoqda.

“SpaceX XKSga astronavtlar va yuklarni yetkazib berish orqali milliardlab dollar ishlab topayotganiga qaramay, men uni 2 yil ichida orbitadan tushirishni rasman tavsiya qilmoqchiman”, deb yozdi Mask X’da.

Bugungi kunda Rossiya, AQSH, Yaponiya, Kanada va Yevropa Ittifoqi tomonidan boshqariladigan Xalqaro kosmik stansiya qariyb chorak asrlik tarixga ega. Stansiya bo‘linmalarining tayanch korpusi alyuminiydan yasalgan. Qobiqni muntazam qizdirish va sovitish metallni yanada mo‘rtlashtirdi, bu esa mikroyoriqlar paydo bo‘lishiga olib keldi. Bir kun kelib yoriqlar ekipaj hayotiga xavf tug‘diradigan darajada katta bo‘lishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya XKSni 2028-yildan keyin ekspluatatsiyadan chiqarishi mumkin. NASA AQSHda xususiy muqobil bo‘lmasa, stansiyadan 2030-yilgacha va undan ham uzoqroq foydalanishga umid qilmoqda. Amerika xitoyliklarning orbitada yagona bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladi.

Biroq XKSni orbitadan tushirish rejasi allaqachon tasdiqlangan. Ushbu missiya SpaceX’ga topshirilgan. Buning uchun kompaniya Dragon yuk kemasining kattaroq versiyasini ko‘proq yoqilg‘i ta’minoti bilan qurishi lozim bo‘ladi. Shu tariqa XKS asta-sekin pastga tushiriladi. So‘nggi bosqichda SpaceX kemasi unga dunyo okeanining belgilangan hududida cho‘kishga turtki beradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61702 | Инструменты