Sadir Japarov: “YUNESKO sessiyasining Samarqandda o‘tkazilishi – O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzining yuksak eʼtirofidir”

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi boshlanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va butun o‘zbek xalqini tabrikladi.

Japarov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozgan tabrigida mazkur tarixiy voqea Markaziy Osiyo uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Uning taʼkidlashicha, YUNESKO sessiyasining Parijdan tashqarida ilk bor 40 yildan so‘ng o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganidan, shuningdek, butun Markaziy Osiyo mintaqasi madaniy, maʼnaviy va gumanitar hamkorlik markazi sifatida tobora katta eʼtirofga sazovor bo‘layotganidan dalolat beradi.

– Samarqand shahri ilm, maʼrifat va maʼnaviyat beshigi sifatida konferensiyaga alohida ramziy ahamiyat bag‘ishlaydi. Bu O‘zbekistonning sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ko‘prik, tinchlik va hamjihatlik g‘oyalarining markazi sifatidagi rolini yana bir bor namoyon etadi, – deyiladi tabrikda.

Sadir Japarov shuningdek, konferensiya doirasida ilgari suriladigan qaror va tashabbuslar taʼlim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga va butun mintaqaning ravnaq topishiga xizmat qilishini taʼkidladi.

Qirg‘iziston rahbari o‘zbek xalqiga forumni muvaffaqiyatli o‘tkazish, samarali muhokamalar, ilg‘or qarorlar va ilhomlantiruvchi natijalar tiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 103120 | Инструменты