Yangi imzolangan hujjat asosida O‘zbekiston va Rossiya harbiylari qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazadi, shuningdek, o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar RF o‘quv markazlarida malaka oshirib, jangovar tajribaga ega yo‘riqchilar rahbarligida maxsus treninglardan o‘tadi.
20-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi o‘rtasida 2027-yilga mo‘ljallangan Hamkorlik rejasi imzolandi, deb xabar berdi Rossiya Mudofaa vazirligi.
Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vaziri Andrey Belousov O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Botir Qudratxo‘jayev bilan muzokaralar o‘tkazgan.
“Ikki mamlakat mudofaa idoralari hamkorligi yuqori darajaga yetdi va kengayishda davom etmoqda. Zamonaviy voqeliklarda bu Markaziy Osiyo mintaqasida umumiy xavfsizlikni mustahkamlash uchun ayniqsa muhimdir”, — deydi Andrey Belousov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston sheriklar va qadrdon do‘stlar bo‘lib, ularning o‘zaro hamkorligining asosiy yo‘nalishini ikki davlat prezidentlarining iliq va do‘stona munosabatlari belgilab beradi.
“Hozirgi vaqtda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Harbiy sohada strategik sheriklik dasturini amalga oshirmoqdamiz. Unga muvofiq har yili 60 dan ortiq tadbir o‘tkazamiz. Qo‘shinlarning tezkor va jangovar tayyorgarligiga, qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Oktyabr oyida Rossiya va O‘zbekiston quruqlikdagi qo‘shinlari bo‘linmalari “Termiz” poligonida qo‘shma vazifalarni mashq qildi”, — deydi Rossiya Mudofaa vaziri.
Rossiya mudofaa idorasi rahbari ikki tomonlama hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi shaxsiy tarkibni o‘qitish va qurolli kuchlar faoliyati masalalari bo‘yicha muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish ekanini qo‘shimcha qilgan.
“O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining RF Qurolli kuchlarining ixtisoslashtirilgan o‘quv markazlarida stajirovka o‘tashiga, shuningdek, real jangovar tajribaga ega rossiyalik yo‘riqchilar rahbarligidagi kompleks mashg‘ulot va treninglarga katta ahamiyat beramiz”, — deydi u.
Andrey Belousov Rossiya mudofaa idorasi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining jangovar salohiyatini oshirish va kollektiv xavfsizlikni ta’minlash uchun bundan keyin ham faol hamkorlik qilishni maqsad qilganini ta’kidlagan.
O‘z navbatida, general-mayor Botir Qudratxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining salomini yetkazgan.
“Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda harbiy sohadagi hamkorlik rivojida ijobiy dinamika kuzatilmoqda”, — deya qayd etgan u.
O‘zbekiston mudofaa idorasi rahbari O‘zbekiston Rossiya bilan mudofaa sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan.
Muzokaralar yakunida tomonlar Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi o‘rtasida 2027-yilga mo‘ljallangan Hamkorlik rejasini imzolagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112114 | Инструменты