Bu mamlakat tarixidagi eng yuqori kredit reytingi. Endi O‘zbekistonning investitsiyaviy darajaga chiqishiga bir pog‘ona qoldi.
S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “barqaror” prognoz bilan BB+ darajasiga oshirdi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu O‘zbekiston tarixida hozirgacha erishilgan eng yuqori ko‘rsatkich, endi “investitsiyaviy” (BBB-) pog‘onaga bir qadam qoldi.
Bu yutuq tizimli iqtisodiy islohotlar, muvozanatli moliya siyosati hamda prezidentning uzoqni ko‘zlagan strategik yondashuvi samarasi ekani ta’kidlandi. Ijobiy natijalarni taqdim etish borasida ishchi guruhimizning tezkor va ochiq tahliliy muloqotlari S&P tomonidan alohida e’tirof etilgan.
“Yurtimizga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish yo‘lidagi qat’iy harakatimizni davom ettiramiz”, deyiladi xabarda.
2026-yilning iyun oyida Moody’s xalqaro reyting agentligi ham O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘onaga oshirib, Ba2 darajasida belgilagandi. Reyting prognozi “ijobiy”dan “barqaror”ga o‘zgartirilgan.
Moody’s reytingning yaxshilanishiga mamlakatda institutsional va iqtisodiy islohotlarning davom etayotgani, iqtisodiyotning diversifikatsiya qilinishi hamda byudjet intizomining kuchaygani asos bo‘lganini qayd etgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112114 | Инструменты