Beeline O’zbekistonda o’z bankini ochishi mumkin

Bu haqda VEON kompaniyasining to‘lovlar va raqamli aktivlar bo‘yicha direktori Ahmet Kayhan 16-noyabr kuni Nyu-Yorkda o‘tkazilgan Capital Markets Day tadbirida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya O‘zbekiston va Qozog‘iston bozorlarida raqamli moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hamda bank litsenziyasini olish ustida faol ish olib bormoqda.

“O‘zbekiston va Qozog‘istonda ham bank litsenziyasini olish ustida ishlayapmiz. Buni o‘zimiz yangi bank tashkil etish yoki mavjud bankni sotib olish orqali amalga oshirishimiz mumkin”, — dedi Kayhan.

Taqdimotda O‘zbekiston VEON’ning raqamli moliyaviy xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha beshta asosiy bozordan biri sifatida e’tirof etildi. Qayd etilishicha, kompaniyaga tegishli Beepul tizimi ayni paytda mamlakatdagi to‘rtinchi yirik elektron hamyon bo‘lib, uning xizmatlari qatoridan mikrokredit mahsulotlari ham o‘rin olgan.

VEON mazkur platforma negizida to‘lovlar va mikrokreditlash yo‘nalishlarini yanada kengaytirishni maqsad qilgan. Shuningdek, keyingi bosqichda bank litsenziyasidan tashqari sug‘urta faoliyati uchun ham litsenziya olish rejalashtirilmoqda. Ahmet Kayhan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari bozorini ham kompaniya uchun istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112101 | Инструменты