O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi yakuniga yetdi.
O‘zbekiston yetakchisining Mo‘g‘ulistonga ilk tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berdi va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochdi.
Davlatimiz rahbari kecha Ulan-Bator shahrida Prezident Uxnaagiyn Xurelsux bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi. Amaliy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va sanoat sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yakunda Keng qamrovli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolandi.
Prezidentlar rafiqalari bilan ikki mamlakat san’at ustalarining qo‘shma konsertida ishtirok etdilar.
Bugun davlatimiz rahbari rafiqasi bilan "Ix Tenger" majmuasiga tashrif buyurdi. Prezidentlar va birinchi xonimlar birgalikda daraxt ekdilar. An’anaviy "Naadam" o‘yinlari tomosha qilindi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, O‘zbekiston Prezidenti Toshkentga jo‘nab ketdi. Aeroportda oliy martabali mehmonlarni Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batseseg va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62601 | Инструменты