O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Serbiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Ziroat Mirziyoyeva Serbiya Birinchi xonimi Tamara Vuchich hamrohligida Belgraddagi qator madaniy obyektlarga tashrif buyurdi.
Dasturning ilk manzili Serbiya Milliy muzeyi bo‘ldi. Birinchi xonimlar muzey ekspozitsiyasi bilan tanishib, unda mamlakat tarixiga oid arxeologik topilmalar, shuningdek, serb va jahon san’ati asarlarini ko‘zdan kechirdilar. Shu bilan birga, oliy martabali mehmonlar "Etno-mreja" an’anaviy hunarmandchilik ko‘rgazmasi bilan ham tanishdilar.
Mamlakatning eng muhim milliy yodgorliklaridan biri — serb kirill yozuvining eng qadimiy namunasi hisoblangan Miroslav Injiliga alohida e’tibor qaratildi. XII asrga oid ushbu noyob qo‘lyozma yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lib, uning miniatyuralari mahorat bilan bezatilgan. 2005-yilda Miroslav Injili UNESCOning "Jahon xotirasi" xalqaro reyestriga kiritilgan.
Shundan so‘ng Birinchi xonimlar dunyodagi eng yirik pravoslav ibodatxonalaridan biri va Serbiyaning muhim ma’naviy ramzi bo‘lgan Avliyo Savva cherkoviga tashrif buyurdilar. Samimiy muloqot chog‘ida Ziroat Mirziyoyeva va Tamara Vuchich O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.
Ma'lumot o'rnida, ushbu safar yakunlanib, kecha 8-sentabr kuni prezident va uning rafiqasi vatanga qaytishgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90913 | Инструменты