Alisher Usmonov Oliy sud raisining birinchi oʻrinbosari lavozimidan ozod etildi

Alisher Usmonov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari – sudlov hay’ati raisi lavozimidan ozod etildi va uning oʻrniga Farrux Abduraimov saylandi. Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 3 noyabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtgan. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib borgan.

Majlisda sudyalar mustaqilligini mustahkamlash hamda odil sudlovni ta’minlashning institutsional mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan muhim masala – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosarini saylash masalasi koʻrib chiqilgan.

 Ta’kidlanishicha, soʻnggi yillarda mamlakatda sud hokimiyatining nufuzini oshirish, fuqarolarning sudlarga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, sudyalar faoliyatida xolislik va mustaqillikni ta’minlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda Oliy sudning oʻrni va ahamiyati alohida hisoblanadi.

Mazkur masala yuzasidan Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilingan. Qarorga asosan Farrux Soyibjonovich Abduraimov besh yil muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari – sudlov hay’ati raisi lavozimiga saylangan.

Shu bilan birga, Alisher Otoxanovich Usmonov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimidan ozod etilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110322 | Инструменты