Huawei 1
Yamal Messining yoshligidan kuchliroqmi?

«Barsa»ga qarshi birinchi o‘yindan keyin «Inter» ustozi Simone Indzagi 17 yoshli Lamin Yamalga hozircha eng yorqin maqtovni aytdi: «Bunday iste’dodlar 50 yilda bir marta paydo bo‘ladi. Bu fenomen». Bu bilan Simeone Laminning iste’dodini Leo Messi bilan bir pog‘onada emas, balki undan ham yuqori qo‘yadi.

Bunga javoban Hans-Diter Flik biroz kamtarona so‘zladi, ammo uning bahosi ham baribir juda yuqori edi: «Birgina iste’dod yetarli emas - hatto daholar uchun ham. Ronaldu, Messi va boshqa buyuklar darajasiga yetish uchun juda ko‘p ishlash kerak. Keling, sokinroq bo‘lamiz. Laminning o‘yinidan juda mamnunmiz. Uning 17 yoshdagi o‘yini darajasi tasavvurga sig‘maydi!»

Chempionlar Ligasi yarimfinalidagi o‘yinlar va klasikolardan so‘ng Lamin Yamal haqidagi muhokamalar yanada avj oldi, o‘zbek jurnalistlari va muxlislari ham uni Leo Messi bilan qiyoslay boshladi. Aslida butun dunyodagi mutaxassislar bunday solishtirishni boshlab yuborgan. Xususan, rossiyalik tahlilchi Vadim Lukomskiy o‘z uslubida mavzuga chuqurroq kirishni lozim topdi.

Kimlar va nega Messi va Yamalni solishtirmoqda?

Bu ikki futbolchi solishtirilgan iqtiboslarni yig‘ib chiqish – imkonsiz yumush. Bu shunchalik ko‘payib ketdiki, bemalol to‘rt yuz sahifalik ilmiy ish yozish mumkin. Quyida eng qisqa va e’tiborli fikrlar keltiriladi.

Birinchilar, albatta, la masiyalik daholar edi. «Barselona» akademiyasining sobiq direktori Aureli Altimir tomonidan ikki yil oldin yozilgan matndan parcha:

«Yamal Messi emas, ammo hammadan ko‘ra eng yaqin. Agar u darvozaga o‘n marta zarba bersa, to‘qqiztasi aniq boradi. U jarima maydoni ichkarisida ham juda sovuqqon va 18-19 yoshli futbolchilarning xayoliga ham kelmaydigan ishlarni qila oladi. U tug‘ma iste’dod. Agar ehtiyotkorlik bilan yondashib, uning atrofidagilarni ham nazorat qilsak, juda muhim futbolchiga aylanadi».

O‘tgan yozda The Telegraph nashriga intervyu bergan Munir Nasraviy, Yamalning otasi undan ham oshirib yubordi – «Men o‘g‘limga ishonaman. To‘liq aminmanki, u butun yo‘lni bosib o‘tadi va Messidan ham buyukroq futbolchiga aylanadi».

Umuman, solishtirishlarni ikki turga ajratish mumkin. Birinchi navbatda, Messi o‘z davrining eng asosiy o‘lchovi sifatida olinadi va u orqali Yamal maqtaladi. Ikkinchi turdagi solishtirishlarda esa o‘yin uslubi va mayda detallar qiyoslanadi.

Birinchi toifadagi maqtovlar ichiga Tiyerri Anrini keltirish mumkin:

«Futbolda meni hayron qoldirgan jihat, sen doim boshqa Messi yoki Ronaldudan zo‘ri chiqmaydi deb amin bo‘lasan. Avvalroq kattalar ham Pele va Maradona haqida shunday deyishgan. Ammo keyin Yamal chiqib keladi».

«Menimcha, navbatdagi katta nom – Yamal. So‘nggi yigirma yilda bizda Messi va Ronaldu bor edi, endi Yamal tayoqchani ulardan olmoqda» – Ueyn Runi.

«Yamal mening aqlimni oldi. Yosh Runining paydo bo‘lishini eslayman. U ham o‘ziga xos ekani ilk kunlardan bilingandi, lekin hatto u ham bu darajada emasdi.

Pele jahon chempionati finalida ikki gol urgan, ammo u deyarli 18 yoshda edi. Hatto Messi ham o‘zining yuqori darajasiga yigirma yoshga borib chiqa olgandi.

Yamal esa juda va juda boshqacha. Biz hali ham oxirini ko‘rganimiz yo‘q. Shu darajadaki, hozirgi Yamal ham aqlimga sig‘mayapti» – Gari Lineker.

 «Men Lamin Yamalga maftun bo‘ldim. Ajoyib o‘yinchi. Men uni futbol tarixidagi eng zo‘r futbolchi bo‘ladi, demoqchi emasman, lekin bo‘lishiyam mumkin. Messi bu yoshda qanday o‘ynagani esingizdami? O‘n olti yoshda-ya?» – Rio Ferdinand.

«Barselona»ning asosiy yutug‘i shundaki, ular Messi kabi futbolchiga o‘rinbosarni darhol topa olishdi. Messi bizning davr uchun asosiy figura. Yamal timsolida uning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan o‘yinchini topish unikal muvaffaqiyat» – Vensan Kompani.

«Har 20-30 yilda o‘ziga xos futbolchi paydo bo‘ladi. Messi hech kim bilan taqqoslab bo‘lmaydigan ilk futbolchi edi, ammo Yamalga qarab turib aytishim mumkin – u men ko‘rganlar ichida eng yaqini» – Devid Bekhem.

Yanada aniqroq ta’rif Sesk Fabregasniki:

«Messi va Yamal o‘rtasidagi solishtirishlarni tushunaman. Hammaning o‘z tarixi bor, lekin bu taqqoslashlar mutlaqo normal. Ayniqsa, qiyin davrlarni boshdan kechirgan «Barselona» muxlislarini ham tushunaman. Yamal o‘yinga hayratda qoldirish hissiyotini olib kiradi. Bu muhim. Jamoa qiyin ahvolda qolganida Messi asosiy planga chiqardi. Endi esa Yamal».

Tabiiyki, bu haqida qahramonlarimizning o‘zlari ham nimadir deyishgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51518 | Инструменты