Ro‘yxatga olish natijalari YAIM hajmini o‘zgartirdi: 2025-yilgi YAIM hajmi avvalgi bahodan 15% ga yuqori chiqdi

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari, korxona va tashkilotlarning yangilangan yillik hisobotlari hamda takomillashtirilgan statistik kuzatuvlar asosida 2017–2025 yillar uchun yalpi ichki mahsulotning yillik va choraklik ko‘rsatkichlari qayta hisoblandi. Qayta hisoblashga uchta asosiy omil sabab bo‘ldi:

1. Aholini ro‘yxatga olish natijalari: Aholi soni, uy-joy fondi va uy xo‘jaliklari faoliyati haqidagi ma’lumotlar aniqlashtirildi.
2. Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari: Ekin maydonlari, chorva mollari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha ma’lumotlar yangilandi.
3. Korxona va tashkilotlar bo‘yicha ma’lumotlarning yangilanishi:  Statistik hisobotlar takomillashtirilib, iqtisodiy faoliyatning qamrovi kengaytirildi.

Natijada 2025 yil uchun YAIMning joriy narxlardagi hajmi 1 849,7 trln so‘mdan, 2 126,8 trln so‘mni tashkil etdi. YAIMning yangilangan va avvalgi bahosi o‘rtasidagi farq 277,1 trln so‘m yoki 15% ga teng bo‘ldi. 

YAIMni hisoblashda qo‘llanadigan o‘rtacha yillik aholi soni 37,9 mln kishidan 38,7 mln kishiga o‘zgardi. Bu bir yilda 0,8 mln nafar qo‘shimcha aholi paydo bo‘lganini emas, aholining umumiy soni aniqlashtirilganini anglatadi.

Qayta hisoblangan YAIM hajmi va yangilangan o‘rtacha yillik aholi soni asosida aholi jon boshiga nominal YAIM ham qayta hisoblandi. Ushbu ko‘rsatkich 48,8 mln so‘m (3 881 doll.)dan 55,0 mln so‘m (4 373 doll.)ga oshdi.

Mazkur farqning 36,4 trln so‘mi yoki 13,1% aholini ro‘yxatga olish natijalari, 80,4 trln so‘mi yoki 29% qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari, 160,3 trln so‘mi yoki 57,9 foizi korxona va tashkilotlar bo‘yicha yangilangan statistik ma’lumotlar hisobiga to‘g‘ri keldi.

Nominal YAIMning 15% ga qayta baholanishi 2025 yilda qo‘shimcha 15% real iqtisodiy o‘sish yuz berganini anglatmaydi. Yangilangan hisob-kitoblarda 2025 yilgi real o‘sish sur’ati 7,8% ni tashkil etdi. Avvalgi bahoda bu ko‘rsatkich 7,7% edi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111400 | Инструменты