O'zbekistonda kambag'allik darajasi 8 oyda 5,8% dan 3,9% gacha kamaydi

O'zbekistonda kambag'allik darajasi 3,9% gacha pasaydi. Bu haqda Kambag'allikni rivojlantirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati rahbari Gulnoza Alimova batafsil ma'lumot berdi.

Unga ko'ra, shu yilning 8 oyida bu yo‘nalishda muhim natijalarga erishildi. Xususan, 515 mingta oila uchun individual rejalar ishlab chiqilib, 161 ming nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 304 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilindi. Mahallalarda 55 mingga yaqin mikroloyiha ishga tushirilib, 164 ming nafar aholining daromadi oshirildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida kambag‘allik darajasi 5,8% dan 3,9% gacha kamaydi. 49 ta tuman va 3429 ta mahalla “kambag‘allikdan holi” hududga aylandi.

Qayd etilishicha, endi aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish bo‘yicha “avval tashxis — keyin yechim” tamoyili asosida yangi diagnostika tizimi joriy etiladi. Unda fuqarolar uyma-uy o‘rganilib, “Onlayn mahalla” tizimiga kiritiladi, ishsizlik va kambag‘allik sabablari asosida individual reja va “Ombor kitobi” shakllantiriladi.

Sun’iy intellekt orqali toifalarga ajratilgan fuqarolar “mahalla yettiligi” ga biriktiriladi, rejalar tasdiqlanib, har chorakda yangilanadi. Ayni paytda hokimlar boshchiligida “favqulodda shtablar” ish boshlagan.

Yil yakuniga qadar esa yana 230 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish va 1 million nafar aholining daromadini oshirish vazifasi belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91715 | Инструменты