O‘zbekiston tarixiga oid noyob eksponatlar ilk bor Britaniya muzeylarida namoyish etiladi

Buyuk Britaniyaning nufuzli "The Guardian" gazetasida "Asr ko‘rgazmasi: O‘zbekistondan Londongacha bo‘lgan Ipak yo‘li" sarlavhali maqola eʼlon qilindi

Nashrda Britaniya muzeylarida ilk bor VII asrda yaratilgan olti metr uzunlikdagi monumental devoriy surat, shuningdek, VIII asrga oid fil suyagidan yasalgan dunyodagi eng qadimgi shaxmat doskasi kabi Samarqand muzeylari kolleksiyalaridan namunalar namoyish etilishi taʼkidlagan.

Maʼlum qilinishicha, eksponatlar joriy yilning sentyabr oyida ochiladigan ko‘rgazma uchun qadimiy Samarqand shahridan Buyuk Britaniyaga yetkaziladi. "Tarixda birinchi marta O‘zbekiston muzeylaridagi eksponatlar Britaniyaga keltirilmoqda", deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, ushbu ko‘rgazmada 300 dan ortiq eksponatlar 29 ta milliy va xalqaro muassasalar tomonidan taqdim etiladi.

"Tuya, ot va fil minayotgan odamlar tasvirlangan olti metrli devoriy surat Samarqanddagi muzeyning "Elchilar zali"da joylashgan. 660 yillarga oid va 1960 yillarda topilgan ushbu qadimiy surat mintaqada yirik savdogarlar bo‘lgan qadimgi so‘g‘dlar tomonidan yaratilgan noyob sanʼat namunasidir", – deya taʼkidlagan "The Guardian".

Maqolada, shuningdek, 2025 yilning fevraliga qadar davom etadigan ushbu ko‘rgazma chiptalari yaqin kunlarda sotuvga chiqarilishi xabar qilingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72404 | Инструменты