Hozirda YTH oqibatida o’lim topish holatlari ko’payib bormoqda. Xo'sh, buning sababi nimada? Mazkur savolga javob topish maqsadida UZREPORT TV telekanalining ijodiy jamoasi mavzu bo’yicha tahliliy reportaj tayyorladi
Aerofobiya nima ekanini bilasiz! Shunchaki, yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz, bu - parvozdan xavfsirash, qo‘rqish. Balki, tanishlaringiz orasida samolyotda uchishdan qo‘rqadiganlari bordir, balki o‘zingiz ham bundan cho‘chirsiz. Tadqiqodlar shuni ko‘rsatadiki, insonning aviahalokat tufayli o‘lim topish ehtimoli 8 mlndan 1 ga teng. Yerda esa bu raqam bir necha yuz barobar yuqori. Ya’ni, YTH oqibatida qayd etiladigan o‘lim ko‘rsatkichi juda baland.
JSSTning ma’lumotlariga ko‘ra, har daqiqada dunyo miqyosida yuzlab YTH sodir bo‘ladi. Buning oqibatida har yili 1 mln 300 nafar inson hayotdan ko‘z yumadi. Mamlakatimizda esa ushbu ko‘rsatkich biroz boshqacharoq. Misol uchun: birgina Toshkent shahrining o’zida 2021-yil hisobida 1 119 ta avtohalokat sodir bo'lgan. Buning oqibatda esa 142 nafar inson vafot etgan.
Odatda raqamlarni eshitganimizda uncha ta’sirlanmaymiz, ammo fojia oqibatida yuzaga keluvchi ayanchli holatlarni ko‘zimiz bilan ko‘rgach, o‘zimizga kerakli xulosalarni chiqarishimiz osonroq bo‘ladi.
Mazkur mavzuni yanada chuqurroq o’rganish maqsadida biz - UZREPORT TV TV telekanalining ijodiy jamoasi bir nechta joyga bordik. Ilk manzilimiz xalqimizga “16-gorbolnitsa” nomi bilan tanish Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili bu shifoxonaga aynan YTHga uchragan 2 ming nafardan ortiq inson murojaat qiladi.
"Ularning barchasi kasalxonaga yotqiziladi. Davolash diagnostika jarayonlari zonalarga ajratilgan. Misol uchun: qizil zonada ahvoli ancha og‘ir, doimiy parvarish qilish kerak bo‘lgan bemorlar davolanadi. Ikkinchisi, sariq zona esa birinchi tibbiy yordamga muhtojlar, yashil zona ambulator shaklda davolasa bo‘ladigan bemorlar uchun ajratilgan. Ularning barchasiga bizning markazda kerakli muolajalar qilinadi. Hozirgi kunga kelib, yo‘llardagi halokatlar sababli orttirilayotgan jarohatlar kamayotgani yo‘q. Shu sababli mamlakatimizda tumanlararo politravma markazlari tashkil qilinmoqda. Ayni vaqtda ularning yuqori sifatli texnologiya, uskuna-jihozlar bilan ta’minlash ishlari olib borilyapti", - deydi Travmatologiya bo‘limi boshlig‘i Erkin Valiyev.
Shuningdek, ushbu shifoxonada olib borilgan o'rganish davomida ham avtohalokat sababli yengil amneziyani boshdan o‘tkazayotgan be'morlar borligi ma'lum bo'ldi.
Be'mor: (Avtohalokatda nimalar sodir bo'lgani) Esimda yo’q-da.
Jurnalist: Holat esingizda yo’q. (Fuqaroni urib yuborgan haydovchi nazarda tutilyapti) Xabar olishdimi?
Be'mor: Xabar olishdi, (haydovchining) ota-onasi ham keldi.
Qayd etish lozim, falokatdan so‘ng bemorlarda o‘ta jiddiy asoratlar qolish ehtimoli mavjud. Jarohatlar insonlarning nogiron bo‘lib qolishiga ham sabab bo‘lishi hech gap emas.
"Hozir bunaqangi og’ir kasalliklar, mana boshida ham aytdim, reydlar Toshkent shahrida bo’lyapti. O’zimning ham bo’limimda ko’rdinglar, viloyatlardan, “periferiya”dan kelgan hamma bemorlar. Mana shunday og’ir kasallarni menga o’tkazishadi. “Qara beringlar, shuni qilib beringlar, tuzatib beringlar”, - deb. Ularda chora-tadbirlar bo’lmasligi hisobiga ham avtohalokatlar juda ko’p uchrayapti. Asoratlarni aytadigan bo’lsak, nogironliklar yosharib bormoqda. Ya’ni 20, 25 yoshlardagi 30ga kirmagan yigitlar nogiron bo’lib qolishmoqda. So’nggida esa butun umrga reabilitatsiya muolajalarini olib yurishga majbur bo’lishmoqda", - dedi Travmatologiya bo‘limi mudiri Fayzulla Mirjalilov.
Achinarlisi, bu yerda nafaqat katta yoshlilar, balki yosh bolalarni ham ko‘rish mumkin. Hali maktab yoshiga yetmagan yoki endigina o‘rta sinflarga qadam qo‘yishni boshlagan bolalar, afsuski, to‘shakka mixlanib qolgan, bu esa insonni ko‘p va xo‘p o‘ylantiradi.
"Haydovchi kelib, ko’rsa… Qaysidir oilaga jabr, bo’lmasam. Yugurib yurgan 10, 12 yoki boring, 15 yoshar farzandi - bir soat oldin kulib yurgan bolasi mana shunaqa “koma” holatida. Qancha vaqt, balki, oylab yoki yillab yotishga majbur bo’lar. Lekin bu holatni “shofyor” kelib, o’z ko’zi bilan ko’rsa… Har safar ota-onasi bolasining tepasiga kelib, eziladi. Biz shifokorlar mana shuni ko’rib, tasavvur qilamiz. Bizning ham farzandlarimiz bor, hammaning farzandi bor. O’sha har kelganida, haydovchi ham otasi yoki onasining qiynalayotganini his qilsin, ham moddiy, ham ruhiy tomondan qancha zarba bo’lyapti. Bir xil “shofyor”lar kirib ham o’tirmaydi, kasalni biror marta ko’rmaydi ham. Nima bo’ldi, ahvoli qanaqa? Ko’rsin, ko’rsin, ozgina yuragi jiz etar", - deydi Bolalar jarohatlari xirurgiyasi va neyroxirurgiya bo’limi shifokori Sobir Nasimov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kuniga o‘rtacha 5-6 nafar YTHga uchragan bola shifoxonaga olib kelinadi. Ularning 90 foizi esa stasionar davolanishga muhtoj bo‘ladi.
"Ularning ichidan 40 foiziga yaqini og’ir bosh miya jarohati va og’ir qo’shma jarohatlar bilan murojaat qiladi. Ayrim hollarda bu kabi holatlar chuqur nogironlik bilan tugaydi. Bu esa bolalar orasida chuqur nogironlar sonini ko’paytirib kelmoqda. Og’ir jarohatlarning 10-20 foizi o’lim holati bilan tugaydi, buning sababi birlamchi, ikkilamchi miyalarning shikastlanishi, skelet suyaklarning sinishi yoki qorin bo’shlig’i, ko’krak qafasi organlarining yorilishidir", - dedi Bolalar jarohatlari xirurgiyasi va neyroxirurgiya bo’limi mudiri Mahkamjon Mahkamov.
Ona:
Chilonzor tumani 6-kvartalda, o’sha “Qatortol” ko’chasidagi svetoforning yashil chirog’ida o’tayotgan bo’lgan. Hamma piyodalar, bitta bu(farzandim) emas, hammasi o’tayotgan bolgan. Keyin buni ko’rmi qolgan, uchinchisida oxirida chiqib qolgan-de, urvorgan, Endi bilmayman, “ko’rmi qolganman”, – deyapti. Nima bo’lgan taqdirda ham qizilmi, hamma piyodalarni o’tkazishi kerak emasmi?! To’g’rimi? Qarab o’tiladi, qizilda chiqib kelyapti, qanaqa bu…? Hammasi tezlikning oqibatidan, hammasi qonun-qoidaga rioya qilmaslikning oqibatidan. Unaqalarga “prava” bermaslik kerak. Odamda vijdon bo’lishi kerak-de, ozgina bo’lsa ham mas’uliyatni his qilish kerak. Mana shu bolaga tan jarohati yetkazib qo’ydim, bu bola 5-6 oy to’shakda yotadi, bitta joyda axlatini qilib yotibdi. Qancha bilimdan qoladi, mktabga bormaydi, tengdoshlari bilan yurmaydi. Xudoga shukur, operatsiyasi muvaffaqiyatli chiqdi, yaxshiyam shifokorlar bor. “Yaxshi bo’lib ketadi”, - deyishyapti, lekin vaqt kerakku. Yotadi bitta joyda, siqiladi, yig’laydi, “oyijon ketaman”, - deydi. Issig’i tushmayapti… O’zimdan o’tganini o’zim bilaman. Manga moddiysi ham, ma’naviysi ham kerak emas, javob bersin! Bunaqalar qachongacha mana shunday narsalar bilan qutuladi? Javob bersin! Qonun borku. Nimaga hamma narsani pul bilan hal qilaman – deb o’ylaydimi? Hammayoq tanish bilishchilik, pul. Nimaga shunaqa? Javob bersin, javob berishini xohlayman.
"Bu fikrlarni sudda aytishingiz mumkin, baribir sudga sizni chaqirishadi. Sud tomonidan ko’rib chiqilib, haydovchini xatti-harakatiga baho beriladi. Fursatdan foydalanib, ayrim haydovchilardan iltimos qilmoqchi edik. Har qanday holatda ham haydovchi sergak, hushyor holatda avtomobilni boshqarashi kerak. Hozir bular aytgan haydovchi tomonidan insoniylik jihatidan ham hol so’ramaganlar, “farzandingiz yaxshimi?” ham demaganlar. O’sha paytda yordam ko’rsatmaganlar. Hammaning farzandi bor, o’sha vaziyatda haydovchining farzandi bo’lganidachi? Shunaqa tutarmidilar?!", - deya ta'kidladi Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati rahbari Qahramon Xudoyberdiyev.
O‘rganish davomida yana bir manzil “morg”, ya’ni o‘likxonaga ham borildi. Ma'lumki, ayrim holatlarda avtohalokatda aybdor kimligini aniqlash qiyin bo‘ladi. Mana shu vaziyatda sud-tibbiy ekspertizasi tergovchilarga katta yordam berishi mumkin.
"Piyoda (avtohalokat chog’ida) qanday holatda bo’lganligi, tik turgan holatda bo’lganmi yoki o’tirgan bo’lganmi, yotgan holatda bo’lganmi – shularning barchasi aniqlanadi. Qaysi tomondan avtomashina urib yuborganligi ko’rsatib beriladi, hatto, avtomobilning tezligini ham aniqlasa bo’ladi. Tibbiyotda “bamper sinishi” degan termin bor, bu o’sha tezlikning yuqori bo’lishidan dalolat beradi. Hatto, piyodaning yurib ketayotgan holati bo’lganmi, yugurib ketayotgan bo’lganmi, to’xtab turgan bo’lganmi - bu narsalar ham ekspertizadadan so’ng aytiladi. Bunda jabrlanuvchining kiyimlari talab qilinadi. Oyoq kiyimining ostidagi izlariga qarab turib, topiladi", - dedi Davlat sud-tibbiy eksperti Omonulla Yo'ldoshev.
Qayd etilishicha, ularning har biri turli sabablar tufayli bu yerga olib kelingan. Ularning aksariyati mast holda avtomobil boshqargani, tezlikni haddan ziyod oshirgani, yo‘lda chalg‘ib uyali aloqa vositasidan foydalangani va boshqa shu kabi omillar sabab avtohalokatga uchragan va afsuski hayotni erta tark etgan.
Hurmatli haydovchilar, aziz piyodalar yo‘llarda hushyor, sergak va e’tiborli bo‘ling! Unutmang sizni uyingizda qorako‘zlar kelishingizni mushtoq bo‘lib kutishadi. O‘zingiz va yaqinlaringiz hayotiga befarq bo‘lmang!
Alpha version: 0.9.1.19 build 100723 | Инструменты