Huawei 1
Butun dunyo e’tiborini tortgan shov-shuvli Mundial: barchasi qayerda va qanday boshlangan edi?

Bugun, 20-noyabr kuni futbol bo'yicha har to'rt yilda bir bora o'tkazilib kelinadigan dunyoning eng yirik musobaqasi — Jahon chempionati start oladi va bu barchaning qiziqishi ostida bo'lishi aniq. Bu musobaqa uzoq yillik tarixga ega va bu tarix har bir o'quvchi uchun qiziqarli bo'lishi ajablanarli emas. Shu sababli, biz e'tiboringizga ushbu musobaqaning dastlabki tarixi haqida so'zlovchi maqolani taqdim etamiz. Ushbu maqola orqali siz JChning ilk marta o‘tkazilishi qanchalik qiziqarli va aqlbovar qilmas darajada bo‘lgani haqida ma'lumotga ega bo‘lasiz. Demak, boshladik!

Jahon chempionatining paydo bo'lishi

Futbolga befarq bo’lmagan har bir insonga ma’lumki, “millionlar o’yini” Angliyada paydo bo’lgan va asta-sekin dunyo bo’ylab tarqala boshlagan. Avvaliga ko’chalarda jamoa tuzgan holda o'ynalgan futbol, keyinchalik shahar va milliy jamoalar tuzilishi darajasida rivojlangan. Ushbu sport turi ommaviylashgani sari unga bo’lgan munosabat va qiziqish orta boshlagan. Asta-sekinlik bilan havaskorlar o’yinidan professionallar o’yiniga aylanib boravergach, futbol jamoatchiligi muntazam ravishda kuchlilarni va futboli rivojlangan davlatlarni ajratish maqsadida yirik musobaqalar tashkil etilishi kerakligini anglab yetdi. Shu omil tufayli 1928-yilda FIFA kongressida ilk bor Jahon chempionatining tashkillashtirilishi haqida qaror muhokamaga tashlandi. Ko'plab ovozlar tufayli Jahon chempionati o'tkazilishi belgilandi.

Dastavval, bu musobaqani o'zida qabul qiluvchi mezbon davlatni topish kerak edi. O'sha paytning o'zidayoq, turnirni o’z hududida o’tkazish uchun bir necha mamlakatlar FIFAga so'rov yubordi. Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Vengriya va Urugvay davlatlari orasida mezbonlik uchun kechgan raqobatda Urugvay eng ko’p ovoz bilan g’olib chiqdi va chempionatni o'z hududida o’tkazish huquqini qo’lga kiritdi. Shu tariqa, ilk Jahon chempionati Urugvayda 1930-yilda o'tkazilishi haqida qaror qabul qilindi.

Ilk Jahon chempionati

“Millionlar o'yini” hisoblangan futbol bo'yicha dunyodagi birinchi raqamli musobaqa — Jahon chempionati ilk bora 1930-yilda Janubiy Amerika qit'asidagi Urugvay davlatida bo'lib o'tgan. 13-30-iyul kunlari o'tkazilgan musobaqa mezbonligining FIFA tomonidan aynan Urugvayga berilganligiga asosiy sabab – ushbu davlat shu yili milliy mustaqilligining yubiley 100 yilligini nishonlayotgan edi.

Chempionatda 13 ta jamoa (Janubiy Amerikadan 7 ta, Yevropadan 4 ta va Shimoliy Amerikadan 2 ta) ishtirok etgan bo'lib, ular to‘rt guruhga bo‘lingan holda bahslarni boshlashgan. Har bir guruh g‘olibi yarim finalga yo‘l olishi ko'zda tutilgan edi. Jahon chempionatining dastlabki 2 ta o'yini bir vaqtda bo'lib o'tgan bo'lib, o'sha bahslarda Fransiya va AQSh mos ravishda Meksikani 4:1 va Belgiyani 3:0 hisobida mag'lub etishgan edi. Fransiyalik Lyusen Loran jahon chempionatlari tarixidagi ilk golni urgan bo'lsa, o'sha kuni AQSh terma jamoasi darvozaboni Jimmi Duglas turnirdagi ilk “to'pni” o'tkazib yuborgandi. Shu tariqa, Argentina, Urugvay, AQSh va Yugoslaviya oʻz guruhlarida gʻalaba qozonib, yarim finalga yoʻllanma olishgan.

Qiziqarli jihati, o'sha yilgi JChning barcha o'yinlari poytaxt Montevideoda bo'lib o'tgan. "Estadio Sentenario", "Estadio Pokitos" va "Estadio Gran Parque Sentral" stadionlarida ilk jahon chempionati o'yinlari o'tkazilgan. "Estadio Sentenario" ham turnir, ham Urugvay mustaqilligining 100 yilligini nishonlash uchun qurilgan. Aynan shu arena musobaqa uchun asosiy stadion bo'lib,  90 000 sig'imga ega bo'lgan edi. Maydonda 18 ta o‘yinning 10 tasi, jumladan, yarim final va final o‘yinlari ham o‘tkazilgan.

FINAL

Futbol bo’yicha birinchi Jahon chempionatining hal qiluvchi final o’yini 1930–yilning 30–iyulida “Sentenario” stadionida 93 ming tomoshabin ishtirokida bo’lib o’tdi. Unda Argentina hamda mezbon Urugvay jamoalari o'zaro to'qnash kelishdi. Birinchi taymda urugvayliklar 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishgan bo'lsa, ikkinchi taymda o’yin jarayoni tubdan o’zgarib ketib, Urugvay uchta to’pni Argentina darvozasiga urib, umumiy hisobni 4-2 ga yetkazdi. Shu tariqa, tarixda ilk bor o'tkazilgan Jahon chempionatida ular g'oliblikni qo'lga kiritishdi.

Qiziqarli faktlar

— Futbol bo’yicha ilk jahon chempionatida taklifnoma olgan har qanday mamlakat qatnashishi mumkin edi. Ammo shunga qaramasdan, ko’pgina Yevropa mamlakatlari iqtisodiy sabablar tufayli ushbu turnirda qatnashishdan bosh tortdi;
— Ishtirok etuvchi jamoalarning kamligi tufayli bu JCh jahon chempionatlari tarixida saralash bosqichi o'tkazilmagan yagona musobaqa bo'ldi;
— Guruh bosqichidagi g’alabasi uchun jamoalar hozirgidek uch emas, ikki ochkoni qo’lga kiritgan edi;
— Birinchi jahon chempionatida “turnirning rasmiy to’pi” bo’lmagan. Chempionatning rasmiy to’pi esa 1970 yilda paydo bo’ldi;
— Uchinchi o’ringa da’vogar bo’lgan AQSH va Yugoslaviya jamoalari o’rtasida match o’tkazilmagan;
— Sakkiz to’pni raqiblar darvozasiga kirita olgan Urugvay terma jamoasining o’yinchisi Gilyermo Stabile chempionatning eng yaxshi hujumchisi, deya qayd etildi.

Shunga tariqa, bu musobaqa ommabopligini saqlabgina qolmasdan, eng nufuzli musobaqalardan biriga aylana oldi. Bu dunyo bo’yicha milliardlab muxlislariga ega bo’lgan va ular tomonidan sabrsizlik bilan kutiladigan haqiqiy bayramdir. Urugvay esa nafaqat 1930-yilda o’z hududida futbol bo’yicha birinchi jahon chempionatini o’tkazgan davlat, bakli uni g’olibiga ham aylangan mamlakat sifatida tarixga kirdi. Bugun esa musobaqa Qatarda ilk bor qishda start oladi. O‘ylaymizki, bu tarixdagi eng yaxshi Mundiallardan biri bo‘ladi.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100722 | Инструменты