Jahon iqtisodiyotidagi global o‘zgarishlar, ko‘plab mamlakatlarning proteksionistik siyosatga o‘tishi va xalqaro hamkorlikdan uzoqlashishi Yevropa iqtisodiyoti foydasiga ishlashi va yevro kursining o‘sishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi Yevropa Markaziy banki (YeMB) rahbari Kristin Lagard. U bu fikrini 26 may, dushanba kuni Berlindagi Hertie School universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirdagi nutqi davomida aytdi.
Lagardning so‘zlariga ko‘ra, hukmron jahon valutasi sifatida AQSh dollariga nisbatan noaniqlik yevroning o‘sishiga yordam berishi mumkin: «Jahon iqtisodiyoti ochiqlik va ko‘p qirralilik asosida AQSh yetakchiligida rivojlandi, ammo bugungi kunda u qulamoqda», — deya uning so‘zlarini keltiradi AFP. Uning fikricha, Yevropa oqilona ish tutsa, yangi imkoniyatlar ochilishi mumkin. «Yevroning xalqaro rolini kuchaytirish yevro hududiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», dedi YeMB rahbari. Masalan, Yevropa davlatlari va kompaniyalari yanada qulay shartlarda kredit olishlari mumkin bo‘ladi, bu esa ichki talabni rag‘batlantiradi: «Valuta kursining o‘zgarishi bizga kamroq ta’sir qiladi, chunki ko‘proq savdo yevroda olib boriladi, bu esa Yevropani kapital oqimi beqarorligidan himoya qiladi». Uning qo‘shimcha qilishicha, yevrohudud shu tariqa sanksiyalarga nisbatan chidamliroq bo‘ladi.
Ayni paytda, Reuters qayd etishicha, yevro valuta zaxiralarining 20 foizga yaqin ulushi bilan dunyodagi ikkinchi eng muhim zaxira valutasi bo‘lib qolmoqda. AQSh dollarining ulushi 58 foizni tashkil etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52903 | Инструменты