Yevropa Ittifoqi Rossiyaga sanksiya ostidagi tovarlarni bir qator uchinchi mamlakatlar orqali yetkazib berishni cheklashga erishdi. Bu haqda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi hisobotiga asoslanib NDR telekanali xabar bermoqda.
Hisobot 20-may kuni bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar bo‘yicha kengashi yig‘ilishi yakunlari asosida tuzilgan. Unda sanksiyalar siyosatining samaradorligi, uning kamchiliklari va keyingi rivojlanishi muhokama qilingan.
Ishtirokchilar eksport nazorati choralariga rioya etilishini ta’minlash hamda ularni chetlab o‘tishga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish bilan bog‘liq muammolarni ta’kidlab o‘tishdi.
Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan cheklovlarning Rossiya iqtisodiyotiga “sezilarli” ta’sirini ta’kidladi. Uni Yevropa Ittifoqining razvedka bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi idorasi rahbari Daniel Markich qo‘llab-quvvatladi.
Ularning aytishicha, Armaniston, Hindiston, Serbiya va O‘zbekiston kabi mamlakatlar orqali harbiy va ikki maqsadli tovarlar eksportini to‘xtatishda “ma'lum yutuqlarga” erishilgan. Biroq Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Qozog‘iston bilan hamkorlikda hamon qiyinchiliklar mavjud.
Sanksiya ostidagi tovarlarni Rossiyaga yetkazib berishning asosiy aylanma yo‘li Xitoy bo‘ldi. O’Sallivan ma’lumotlariga ko‘ra, cheklovlarni buzish holatlarining qariyb 80%i, jumladan, Yevropa kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtiroki bilan XXR va Gonkongga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, O‘Sallivan Yevropa Ittifoqi davlatlarini Rossiyaning “yashirin floti"ga qarshi faolroq choralar ko‘rishga chaqirdi. Hisobotga ko‘ra, u Rossiya tankerlari tez-tez tashrif buyuradigan Turkiya, Hindiston va Malayziya portlariga nisbatan choralar ko‘rishni taklif qilgan.
Hisobotda sanksiyalar siyosatining asosiy muammolaridan biri AQSh ma’muriyati bilan “barcha aloqa yo‘llarining uzilishi” deb ko‘rsatilgan. Amerika moliyaviy razvedkasi bir necha haftadan buyon yevropalik hamkorlarga Rossiya aktivlari haqidagi yangi ma’lumotlarni taqdim etmayotgani ta’kidlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 53002 | Инструменты