Davlat rahbariga Xorazm viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar yuzasidan axborot berildi.
Tabiiy resurslari cheklangan bu hudud iqtisodiyoti tarkibiy o‘zgarishlar orqali rivojlantirilmoqda. So‘nggi sakkiz yilda 2 milliard dollar investitsiya kiritilib, 25 mingdan ortiq sanoat korxonalari ochilgan. Ishlab chiqarish hajmi 2,2 karra oshgan. Bugun viloyatda to‘qimachilik, avtomobilsozlik, elektr texnikasi, oziq-ovqat va qurilish materiallari sanoati bor.
Toshsoqa magistral kanali qayta tiklangani natijasida Xorazm uchun o‘ta muhim bo‘lgan sug‘orish tizimi yaxshilandi. Amudaryo ustida yangi ko‘prik qurilishi viloyat aholisining uzog‘ini yaqin qildi.
Sakkiz yilda viloyatda 660 ta ko‘p qavatli turar joy barpo etilib, 21 ming oila yangi uyli bo‘ldi. 4 ming 751 kilometr ichimlik suvi va 206 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i qurildi, 580 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvidan bahramand bo‘ldi.
Joriy yil boshidan beri 100 ming ehtiyojmand aholi ish bilan ta’minlandi. Kambag‘allik darajasi yanvardagi 12 foizdan 6,8 foizga tushib, eng yaxshi ko‘rsatkich bo‘ldi.
Bunday ishlarni yanada kengaytirish maqsadida Xorazm viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Taqdimotda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar haqida axborot berildi.
Masalan, Janubiy Koreyaning 100 million dollar investitsiyasi hisobidan Urganch tumanida chiqindi yoqish orqali elektr energiyasi olish loyihasi mo‘ljallangan.
Avstraliya kompaniyasi 820 million dollar investitsiya kiritib, Tuproqqal’a tumanida 600 ming tonna ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isi va 50 ming tonna “yashil dizel” ishlab chiqarish taklifini bildirgan. Korxona ehtiyoji uchun 5,5 ming gektarda 4 gigavatt quyosh panellari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Slovakiya korxonasi 170 million dollar hisobiga Tuproqqal’a tumanida 5 ming gektarda raps yetishtirib, bioyoqilg‘i ishlab chiqarish zavodi qurishni rejalashtirgan.
Umuman, Xorazmda 2 milliard 400 million dollarlik yangi loyihalar tayyorlangan. Shuningdek, shahar va tumanlarning qo‘shimcha imkoniyatlari hisobidan yana 86 million dollarlik istiqbolli loyiha va tashabbuslar shakllantirilgan.
Davlat rahbari investorlarga qulaylik yaratib, loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Viloyatdagi sanoat zonalaridan to‘la foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Infratuzilma va yer toifasi masalasini hal qilib, 100 dan ziyod loyihalarni ishga tushirish zarurligi aytildi. Xorazmning joylashuvidan kelib chiqib, sanoat yo‘nalishlarini puxta rejalashtirish, bunga viloyatning ichki salohiyatini to‘liq safarbar qilish kerakligi ta’kidlandi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91220 | Инструменты