Donald Trampning surati tushirilgan bahsli 1 dollarlik tangalar 2026-yil 2-sentabr kuni rasman muomalaga chiqarildi. Ushbu tangalar AQShning 250 yillik yubileyini nishonlash doirasida tayyorlangan bo‘lib 25 va 100 donalik maxsus o‘ramlarda kolleksiya buyumi sifatida sotilmoqda.
Tillarang qoplamaga ega bo‘lgan ushbu tangalar o‘zining nominal qiymatidan sezilarli darajada qimmatroq baholanmoqda:
Nominal qiymati 25 dollar bo‘lgan 25 donalik tangalar o‘rami AQSH zarbxonasi saytida 61 dollar, 100 donalik tangalar qopi esa 154,5 dollardan sotuvga qo‘yilgan. Bu summaga kamida 9,99 dollardan boshlanadigan yetkazib berish xizmati haqi kiritilmagan.
AQSh zarbxonasining bu tangalarni odamlar kolleksiya qilishni istashi va shu sababli ular uchun qimmatroq narx to‘lashga tayyor bo‘lishi haqidagi taxmini o‘zini oqladi. 2-sentabr, chorshanba kuni Tramp tasviri tushirilgan ushbu tangalarga talab keskin oshgani sababli AQSh zarbxonasining saytida virtual navbat tizimini joriy etishga to‘g‘ri keldi. Bir necha soat ichida tangalarning har ikki xil qadog'i ham to‘liq sotib bo‘lindi.
Hozircha ushbu tangalar qachon qayta sotuvga chiqishi yoki chiqmasligi haqida rasmiy bayonot berilmagan. Biroq, tashkilot ularni zarb qilish bo‘yicha hech qanday cheklov o‘rnatmagan bo'lib, kelajakda yana ishlab chiqarilishi ehtimoli mavjud. Ma'lumot uchun, dastlabki chiqarilgan tangalarning 250,000 donasi 4-iyul kuni Filadelfiya Zarbxonasida zarb qilingan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90422 | Инструменты