Huawei 1
Tramp Falastinning tan olinishini e’lon qilishi mumkin – OAV

AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan sammitda Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishini e’lon qilishi mumkin. Bu haqda Fors ko‘rfazi davlatlaridan birining diplomatik manbasiga tayanib, “The Media Line” nashri xabar berdi.

“Prezident Donald Tramp Amerika tomonidan Falastin davlatini tan olishga oid deklaratsiya bilan chiqadi”, dedi manba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp, shuningdek, HAMAS ishtirokisiz Falastin davlati tuzilishi haqida ham bayonot beradi va bu Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatini o‘zgartiradigan eng muhim deklaratsiyalardan biri bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Donald Tramp 13-16 may kunlari Yaqin Sharqqa safar uyushtirishi kutilmoqda. Safar doirasida u Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyuradi. “Axios”ga ko‘ra, Tramp Saudiya Arabistonida bir qator davlat rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Ushbu tadbir Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning taklifi bilan bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar, ya’ni Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Qatar, Quvayt, BAA va Ummon yetakchilari ishtirok etishi mumkin. Mazkur uchrashuv 14 may kuni o‘tkazilishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51020 | Инструменты