AQSh prezidenti Donald Tramp Eronda rejim o‘zgarishi ehtimolini istisno etmayapti. Bu haqda Oq uy rahbari tomonidan 23 iyun, dushanbaga o‘tar kechasi Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida chop etilgan postda aytiladi.
«Rejim o‘zgarishi» atamasi siyosiy nuqtayi nazardan to‘g‘ri emas. Ammo, agar hozirgi Eron rejimi Eronni yana buyuk qila olmasa, rejim o‘zgarishi kerak emasmi? MIGA!!!» - deb yozdi Donald Tramp. MIGA qisqartmasi Make Iran Great Again degan ma’noni anglatadi, u Trampning Make Amerika Great Again (MAGA) saylovoldi shioriga o‘xshaydi.
Ayni paytda, 23 iyunga o‘tar kechasi Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaro va Amerikaning Eron yadroviy inshootlariga zarba berishi fonida Qo‘shma Shtatlar o‘z fuqarolarini «ehtiyotkorlikni kuchaytirishga» chaqirdi. «Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro transportda uzilishlarga va Yaqin Sharqda havo kengliklarining vaqti-vaqti bilan yopilishiga olib keldi», — deyiladi Davlat departamenti bayonotida. «Xorijda AQSh fuqarolari va manfaatlariga qarshi namoyishlar o‘tkazish ehtimoli bor. Davlat departamenti butun dunyo bo‘ylab AQSh fuqarolariga ehtiyotkorlikni kuchaytirishni tavsiya qiladi».
22 iyunga o‘tar kechasi AQSh armiyasi Eron yadroviy dasturining uchta obektiga zarba berdi. B-2 bombardimonchi samolyotlari Fordodagi uranni boyitish zavodiga o‘n ikkita 13,6 tonnalik bunker bombasi bilan hujum qildi va yana ikkitasi Natanz obektiga tashlandi. Suvosti kemalari Natanz va Isfahon obektlariga 30 ta «Tomagavk» raketasini uchirdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp xalqqa murojaatida Eronning uran boyitish bo‘yicha asosiy inshootlari yo‘q qilinganini aytdi. Eron AQSh zarbalarini tasdiqlab, obektlar sezilarli darajada zarar ko‘rganini rad etdi.
Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) 22 iyun kuni AQShning Eron yadro inshootlariga uyushtirgan hujumlari ortidan radiatsiya darajasi oshgani haqida hech qanday dalil topmaganini ma’lum qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62313 | Инструменты