2025 yil 17 iyunda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
– Mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish sohasida salmoqli ishlar amalga oshirildi, – dedi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov. – Biroq, sud hujjatlarini ijro etish sohasida shakllangan ilg‘or xalqaro tajriba va amaliyot tahlili tizimda o‘zgarishlar amalga oshirish ehtiyoji mavjudligini ko‘rsatdi. O‘rganishlar natijasida Majburiy ijro byurosining tuzilma va vazifalari majburiy ijro tizimi rivojlanishining zamonaviy talablari va jahon tendensiyalariga to‘liq javob bermayotgani maʼlum bo‘ldi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham fuqarolar, jamiyat va davlatning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish orqali odil sudlov samaradorligini taʼminlash nazarda tutilgan.
Shu maqsadda qabul qilingan yangi qonunda ijro ishlarini takomillashtirishga qaratilgan yangi normalar qonunchilikka kiritildi. Qonunga ko‘ra, ijro hujjatini shakllantirish chog‘ida ijro hujjatiga undiruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami yoki undiruvchi yuridik shaxsning soliq to‘lovchi identifikatsiya raqami majburiy kiritiladi.
Sud hujjatlariga asosan berilgan ijro hujjatlari taraflarga elektron shaklda taqdim etilishi hamda yuborilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham qonunchilikdan joy oldi.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga fuqarolarning qarzdorliklari bo‘yicha undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromad belgilanishini, shuningdek, majburiy ijro harakatlarini amalga oshirish chog‘ida davlat ijrochilari tomonidan mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Aytib o‘tish kerakki, 2023 yilda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan 129 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, birgina ishga tiklash haqidagi ijro hujjatlari tahlil qilinganda, 2022 yilda 1 ming 632 ijro hujjatidan 1 ming 12 tasi, 2023 yilda jami 1 ming 622 ijro hujjatidan 894 tasi ijrosi majburiy ijro harakatlari amalga oshirilgan holda taʼminlangan.
Aslida ushbu toifadagi ijro hujjatlari Majburiy ijro byurosi organlariga taqdim etilguniga qadar taʼminlanishi kerak. Ijro hujjati ijrosini taʼminlamagan davlat organi, tashkilot yoki mansabdor shaxslari Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-2-moddasi bilan tegishli javobgarlikka tortilishi lozim.
Shu bois, davlat organi, tashkilot yoki uning mansabdor shaxslari tomonidan ijro hujjati ijrosi taʼminlamagani uchun javobgarlik kuchaytirildi. Ilgari ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solingan bo‘lsa, endilikda jarima miqdori BHMning yigirma baravarigacha oshirildi.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga undiruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini va undiruvchi yuridik shaxsning soliq to‘lovchi identifikatsiya raqamini ijro hujjatida ko‘rsatish zarurligi kiritildi. 221-moddasiga ijro ishini yuritish doirasida qabul qilingan qarorlar va boshqa hujjatlar ijro ishini yuritishda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslarga ularning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali, shuningdek, yuridik shaxslarga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
Qarzdor jismoniy shaxslarning banklardagi yoki boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida hamda omonatlarida turgan yoki saqlashga qo‘yilgan pul mablag‘lariga undiruv qaratilishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari miqdorini aniqlashda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining yarmi miqdoridagi pul mablag‘lari inobatga olinadi. Bu miqdorga undiruv qaratilmaydi.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonun majburiyatlar reyestrini yuritish normasi bilan to‘ldirildi. Majburiy ijro byurosi ijro hujjatlariga doir maʼlumotlarni qamrab olgan Majburiyatlar reyestrini yuritadi.
Ijro hujjatlariga doir maʼlumotlar Majburiyatlar reyestriga avtomatlashtirilgan tizim orqali kiritiladi va o‘n yil davomida saqlanadi.
Qonun fuqarolar, jamiyat va davlatning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda inson omilini kamaytirish, majburiy ijro etish tizimini yana-da takomillashtirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu qonun 2-moddasi 9-bandining uchinchi xatboshisi qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran ikki oy o‘tgach amalga kiritiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111106 | Инструменты