AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina harbiy harakatlariga Jo Bayden tomonidan qo‘yilgan barcha cheklovlarni olib tashlash imkoniyatini «jiddiy ko‘rib chiqmoqda». Bu haqda Kyiv Post nashri G‘arbdagi ikki amaldorga tayanib xabar berdi.
Gap aynan qanday cheklovlar haqidat ketayotganiga — masalan, qurol yetkazish yoki Rossiya hududiga zarbalar berish — xabarda aniqlik kiritilmagan.
«Oldin joriy etilgan barcha cheklovlar ayni vaqtda qayta ko‘rib chiqilmoqda. Chunki prezident Tramp hozirgi status-kvo Rossiyani muzokaralar stoliga jalb qilish bo‘yicha umumiy manfaatlarimizga javob bermaydi, deb hisoblamoqda», — deydi nashr suhbatdoshi.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyani «jazolash» va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashning «keyingi bosqichlari» bo‘yicha qaror amerikalik amaldorlarning germaniyalik hamkasblari bilan joriy hafta Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvida qabul qilinadi. AQShga yaqin kunlar ichida, xususan, Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful tashrif buyurishi kutilmoqda.
26 may kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya Ukrainaga yetkaziladigan qurol-yarog‘ning zarba berish masofasiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilganini aytdi. Kreml ushbu qarorni «xavfli» deb atadi.
The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp 1 iyungacha Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etish variantini ko‘rib chiqmoqda. Ta’kidlanishicha, AQSh prezidenti Rossiya yetakchisi Vladimir Putin jangovar harakatlarni davom ettirayotganidan «hafsalasi pir bo‘lgan».
Alpha version: 0.9.1.19 build 52903 | Инструменты