Huawei 1
Putin Istanbulga bormagani uchun Yevropa Moskvaga bosimni kuchaytirmoqchi

Albaniya poytaxti Tiranada 16 may kuni Yevropa siyosiy hamjamiyatining oltinchi sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Unda Yevropaning 47 mamlakatidan davlat va hukumat rahbarlari, jumladan Germaniya kansleri Fridrix Mers, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, shuningdek, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ishtirok etmoqda. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin shu kuni Istanbulda bo‘lib o‘tayotgan Kiyev bilan muzokaraga bormaganidan keyin Yevropa Moskvaga bosimni kuchaytirmoqchi.
“Politico”ning yozishicha, Tirandagi Yevropa yetakchilari yangi sanksiyalar, jumladan, Rossiya eksportiga cheklovlarni keskin kuchaytirishni muhokama qilishni rejalashtirmoqda. 

“Biz “Shimoliy oqim 1” va “Shimoliy oqim 2”ga qarshi sanksiyalar, “soya floti” kemalari ro‘yxatini kengaytirish, neft narxining yuqori chegarasini pasaytirish va nihoyat, Rossiya moliya sektoriga nisbatan qo‘shimcha jazo choralarini o‘z ichiga olgan yangi sanksiyalar paketi ustida ishlayapmiz”, dedi Ursula fon der Lyayen sammit boshlanishidan oldin.

Yevropa siyosiy hamjamiyatiga Yevropa Ittifoqining 27 a’zo davlati va 20 ta hamkor davlat, jumladan Ozarbayjon va Ukraina kiradi. Hamjamiyat 2022 yilning kuzida Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli harbiy agressiyasiga javoban yaratilgan.
“Birlashishdan maqsad, Vengriya, Slovakiya va Gruziya kabi Yevropa davlatlari yevropaliklarning umumiy yo‘nalishidan tobora uzoqlashib borayotgan bo‘lsa-da, Rossiya va uning ittifoqchisi Belarusga Yevropada yakkalanib qolganlik faktini namoyish etishdir”, deya ta’kidlaydi AFP agentligi.

2022 yil may oyida Yevropa siyosiy hamjamiyatini tashkil etish g‘oyasi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tomonidan ilgari surilgan. 46 doimiy a’zosi bo‘lgan Yevropa Kengashidan farqli o‘laroq, Yevropa siyosiy hamjamiyati o‘zini geostrategik masalalar, raqamlashtirish, energiya va iqlim masalalarini muhokama qilish uchun norasmiy platforma sifatida ko‘rsatadi. Yevropa siyosiy hamjamiyati yig‘ilishlarida guruh muhokamalari katta rol o‘ynaydi.

Yevropa siyosiy hamjamiyatiga a’zo davlatlar davlat va hukumat rahbarlarining avvalgi uchrashuvi 2024 yilning noyabr oyida Budapeshtda bo‘lib o‘tgan edi. Yevropa siyosiy hamjamiyatining navbatdagi sammiti 2025 yilning kuzida Daniyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51703 | Инструменты